Andijon shahridagi sanʼat maktabi negizida Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va sanʼat oliy maktabi tashkil etiladi. Bu haqda joriy yil 28-iyul kuni prezident axborot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruvni takomillashtirish, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Xabar qilinishicha, davlat rahbari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida xalq artisti Sherali Jo‘rayev xotirasini abadiylashtirish tashabbusini bildirgan. Shunga muvofiq, Andijon shahridagi sanʼat maktabi negizida ijodkor nomidagi musiqa va sanʼat oliy maktabi tashkil etiladi. Sherali Jo‘rayev nomidagi milliy qo‘shiqchilik teletanlovi har yili o‘tkaziladi.

Oliy maktabda ilmiy-ijodiy laboratoriya tuzilib, Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarining “oltin fondi” yaratiladi. Zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etilib, iqtidorli yosh ijodkorlar undan imtiyozli foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Taqdimotda prezident qarori bilan Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati instituti tashkil etilgani, endi sanʼatkorning memorial muzeyini ochish rejalashtirilayotgan maʼlum qilingan. Shu bilan birga, marhum xonanda nomidagi stipendiya joriy qilish va xalqaro estrada tanlovini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.
“Institutning bakalavriat bosqichini tamomlagan eng faol bitiruvchilar chet elga magistraturada o‘qishga yuboriladi hamda iqtidorli talabalarning nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi”, deya taqdimotdan xabar bergan manba.

Qayd etilishicha, mamlakatda simfonik orkestrlar bosqichma-bosqich ko‘paytirilishi belgilangan. Jumladan, Farg‘ona viloyatida simfonik orkestr va milliy cholg‘ular orkestri tuziladi. Ular zarur musiqa asboblari, ovoz kuchaytirish va yoritish uskunalari, sahna liboslari va boshqa anjomlar bilan taʼminlanadi.
Bugun O‘zbekistonda 14 mingta korxona kreativ iqtisodiyot bo‘yicha faoliyat yuritmoqda. Ularda qariyb 100 ming kishi ishlayapti. Kelgusi 5-yilda kreativ iqtisodiyot hajmini 2 karra ko‘paytirish, yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Taqdimotda hunarmandchilikni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflar ham ko‘rib chiqilgan. Xususan, Buyuk Britaniya Qirollik fondi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida akademik platforma yaratish rejalashtirilgan. U orqali magistrlar tayyorlash, tadqiqotlar o‘tkazish, o‘quv qo‘llanmalarini joriy etish yo‘lga qo‘yiladi. Bu platforma bilan 3 mingdan ziyod iqtidorli hunarmandlar bosqichma-bosqich qamrab olinadi. Keyinchalik uni amaliy sanʼat maktabiga aylantirish ko‘zda tutilgan.

2023-yilda Buxoro “Hunarmandchilik va xalq sanʼati” yo‘nalishida YUNESKOning kreativ shaharlar tarmog‘iga kiritilgan edi. U yerda 2 ming nafar hunarmand 36 ta yo‘nalishda ijod qiladi.
Sentyabr-noyabr oylarida Buxoroda birinchi zamonaviy sanʼat biyennalesi o‘tkaziladi. Unga 40 ta davlatdan 70 nafar mashhur rassom tashrif buyuradi.
Taqdimotda davlat rahbari madaniy turizmni rivojlantirishga katta turtki beradigan bunday yirik tadbirlarni yuqori saviyada tashkil qilish muhimligini taʼkidlagan. Mutasaddilarga loyihalarni sifatli bajarish va tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Izoh (0)