Kataloniyaning “Barselona” klubi afsonaviy basketbolchi Kobe Brayant brendi bilan hamkorlikda 2025/26-yilgi mavsum uchun ikkinchi formasini taqdim etdi. Liboslar klubning doimiy hamkori — Nike kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Yangi libos sariq rangda bo‘lib, unda binafsha va qora ranglar ham uyg‘unlashtirilgan. Dizayn “Los-Anjeles Leykers” basketbol jamoasining formasidan ilhomlanib tayyorlangan. Ma’lumki, Kobe Brayant butun faoliyati davomida aynan ushbu jamoa safida harakat qilgan.
Formaning ko‘krak qismida “Barselona” klubining logotipi bilan birga Kobe Brayantning “Kobe Sheath” logotipi ham aks etgan. Ushbu belgida qin ichidagi qilich tasvirlangan. Kobe 2014-yilda bu haqda shunday degan edi:
Qilich — bu sof iste’dod. Qin esa ushbu iste’dodni boshqaradigan shakl. U insonning hayotiy tajribasi va intizomini ifodalaydi.


Klub matbuot xizmatining ta’kidlashicha, ushbu forma jasorat, harakat va doimiy o‘z ustida ishlash ruhidan ilhomlangan. Bu nafaqat sport libosi, balki sport afsonasiga bildirilgan hurmat va madaniy qadriyatlarning ifodasidir.
Ma’lumot o‘rnida, Kobe Brayant “Barselona” klubining ashaddiy muxlisi bo‘lgan. U 2020-yilda ro‘y bergan aviahalokat oqibatida vafot etgan.
Izoh (0)