O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari Lev Tolstoy nomidagi xalqaro tinchlik mukofotiga nomzod etib ko‘rsatildi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.

Prezidentlarning nomzodi “Rossiya tinchlik jamg‘armasi” xalqaro jamoat fondi tomonidan ilgari surilgan. Fond ularni “xalqaro huquq ustuvorligi asosida umumiy va teng xavfsizlikni ta’minlashga, ko‘p qutbli dunyoni barpo etishga, xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi” uchun taqdirlashni taklif qilgan.
Bu haqda fond boshqaruvi raisi, Rossiya Davlat dumasi xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Leonid Slutskiy mukofot hay’atiga yo‘llagan xatda ma’lum qilingan. Xatda 2025-yil 31-mart kuni Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan uch davlat rahbarlarining birinchi sammitiga e’tibor qaratilgan. Unda tarixiy kelishuvlar — Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma hamda Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasi imzolangani, ular barqarorlik va izchil taraqqiyot maqsadlarini ta’minlashga, mintaqaning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
“Rossiya tinchlik jamg‘armasi” ushbu muhim tarixiy voqeani nishonlashni va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon hamda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ko‘p qutbli dunyo qurilishiga va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish hamda hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun L.N. Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotiga nomzod etib ko‘rsatishni taklif etmoqda, deya ta’kidladi Slutskiy o‘z murojaatida.
Uning ta’kidlashicha, prezidentlarning sa’y-harakatlari tufayli Yevrosiyo hududida xavfsizlik ta’minlanmoqda, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida vizasiz hudud yaratish va mintaqaning turistik jozibadorligini oshirish bo‘yicha muloqot davom etmoqda.
Mukofot haqida
Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti uchinchi jahon urushi xavfining oldini olishga qaratilgan faoliyatdagi yuksak xizmatlar, xalqaro huquq ustuvorligi asosida umumiy va teng xavfsizlikni ta’minlash, qurollanish poygasini to‘xtatish, ko‘p qutbli va zo‘ravonliksiz dunyo qurish, demilitarizatsiya, demokratlashtirish va gumanitar sohalardagi yutuqlar, tinchlikparvarlik faoliyati hamda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi ishtiroki uchun beriladi.
2024-yilda ushbu mukofot Afrika ittifoqiga topshirilgan edi. Hakamlar hay’ati BRIKS, SHHT va “Katta yigirmatalik”ka a’zo bo‘lgan to‘qqiz davlat fuqarolaridan iborat bo‘lib, ular orasida BMT Xavfsizlik Kengashining uch doimiy a’zosi ham bor.
Izoh (0)