Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan 17-dekabr kuni qilgan telefon orqali suhbatda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish va investitsiya loyihalarini ilgari surish masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Qatar amirini milliy bayram — Davlatga asos solingan kun bilan samimiy qutlab, unga sihat-salomatlik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, do‘st Qatar xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Faol muloqot va almashinuvlar natijalari ijobiy baholandi. Joriy yilning noyabr oyida Doha shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi va biznes forumi samarali o‘tdi. Oktyabr oyida Toshkent shahrida Qatar madaniyati haftaligi tadbirlari muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida energetika, transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Poytaxtlar o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani o‘zaro sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilmoqda.
Suhbat chog‘ida davlat rahbarlari 2025-yilda bo‘lajak tadbirlar rejasiga, shu jumladan “Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqotining ikkinchi sammitini o‘tkazishga alohida eʼtibor qaratdi.
Xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Izoh (0)