Janubiy Koreya sudi mamlakat tarixida birinchi marta lavozimidan chetlashtirilgan, ammo o‘z vazifasini bajarayotgan prezident Yun Sok Yolni hibsga olish orderini ma’qulladi.
“Sud prezident Yun Sok Yolni fitnada ayblab hibsga olish uchun order berdi... Mamlakatning konstitusiyaviy tarixida birinchi marta amaldagi prezidentni hibsga olish orderi chiqarildi” deyiladi Yonhap xabarida.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, tintuv uchun order ham taqdim etilgan. Avvalroq tergovchilar prezidentning telefon qo‘ng‘iroqlari yozuvlarini olish maqsadida uning idorasida reyd o‘tkazgandi.
Isyonga urinish va hokimiyatni suiiste’mol qilishda ayblanib so‘roqqa chaqirilgan Yun Sok Yol ochilgan ish doirasida ko‘rsatma berishni istamayapti. Rasmiylarning aytishicha, sobiq davlat rahbari so‘roqqa chaqiruv qog‘ozlarini olganiga qaramay, so‘roqqa bir necha bor kelmagan. U avvalroq o‘ziga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni rad etgan edi.
Yun Sok Yol so‘roqqa chaqiruvni asossiz e’tiborsiz qoldirishda davom etgani uchun uni 48 soatlik hibsga olish qarori qabul qilingan. Odatda hibsga olish orderi chiqarilgan kundan boshlab bir hafta davomida amal qiladi. Shuningdek, Janubiy Koreya nashrlariga ko‘ra, sobiq prezidentga nisbatan qidiruv ham e’lon qilingan.
Yonhap Yun Sok Yol garchi lavozimidan vaqtincha chetlatilgan bo‘lsa ham, amaldagi davlat rahbari sifatida Prezident xavfsizlik xizmati himoyasida ekani, shu munosabat bilan xavfsizlik xodimlari prezidentni hibsga olishga urinayotganda qarshilik ko‘rsatishi mumkinligi haqida yozgan.
Prezident advokati Yun Gap Gin so‘zlariga ko‘ra, Korrupsiya amaliyotlarini tergov qilish boshqarmasi (CIO) isyonga urinish bo‘yicha ishni tergov qilishga va siyosatchini hibsga olishni talab qilishga haqqi yo‘q. Siyosatchining himoyachisi hibsga olish so‘roviga javoban qonuniy choralar ko‘rmoqchi.
3-dekabr kuni Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy etilganini ma’lum qildi. Keyinchalik u parlament deputatlari qarshiligi tufayli harbiy holatni bekor qilishga rozi bo‘ldi. Mamlakatda harbiy holat taxminan besh soat davom etdi.
Mamlakatda harbiy holat joriy etish to‘g‘risidagi qarori ortidan u lavozimidan vaqtincha chetlatildi. Janubiy Koreya parlamenti davlat rahbariga nisbatan impichment e’lon qilgan, bu haqdagi qarorni 204 nafar deputat ma’qullagan, 85 nafari esa qarshi ovoz bergandi.
Izoh (0)