O‘zbekistonda turistik xizmatlarni yagona platformaga birlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab Milliy turizm yagona platformasi sinov tariqasida, 2025-yil 1-dekabrdan esa to‘liq ishga tushiriladi.
Ushbu platforma quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradi:
- sayyohlarga joylashtirish vositalarini onlayn band qilish va sayyohlar tomonidan baholash;
- respublikadagi turoperatorlar va turagentlar xizmatlari, shu jumladan, sayyohlarga gid, gid-tarjimon, yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi, ekskursiya yetakchilari xizmatlaridan foydalanish;
- yo‘nalishsiz taksi va avtotransport vositalari ijarasi xizmatlaridan foydalanish;
- avtobus, avia va temiryo‘l chiptalari, madaniy meros obyektlari, muzeylar va boshqa diqqatga sazovor joylarga kirish chiptalarini xarid qilish;
- xalqaro va milliy to‘lov tizimlari orqali turistik xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish;
- turizm sohasiga oid statistik hisobotlarni yuritish va real vaqt rejimida tahlil qilish.
Platforma ma’lumotlarining 14 ta xorijiy tilga tarjimasi ta’minlab boriladi. Transport vazirligi bilan birgalikda Uztrans yagona interaktiv axborot tizimi, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, Uzbekistan Airways va boshqa yo‘lovchi tashish litsenziyasiga ega tashkilotlarning elektron chiptalarini xarid qilish tizimlari integratsiya qilinadi.
Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan 3-iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sayyohlar mahalliy reyslarga samolyot va poyezd uchun ikki oy uyoqda tursin, yarim yil oldin chipta olishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani qayd etilgandi. Mutasaddilarga barcha qatnovlar haqida maʼlumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platformani ishga tushirish topshirilgandi.
Prezidentning 2024-yil 18-iyuldagi farmonida ushbu platforma ishga tushirilishi belgilandi. Hujjatda platforma 2024-yil 1-dekabrgacha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgandi. Transport vazirligiga avia, temiryo‘l va avtobus chiptalarini tabaqalashtirilgan narxlarda kamida 6 oy oldin savdoga chiqarish tizimini joriy qilish ham topshirilgandi.
Izoh (0)