Italiyaning LVMH guruhiga kiruvchi Loro Piana brendi majburiy mehnat bilan bog‘liq jiddiy ayblovlarga duch keldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
-HOsK-cBK.avif)
Luks toifadagi ushbu brend o‘z ishlab chiqarish faoliyatini bilvosita Xitoy kompaniyalariga subpudrat asosida topshirgani gumon qilinmoqda. Ishchilarning asosiy qismini Xitoydan kelgan migrantlar tashkil etgan. Ular haftasiga 90 soatgacha ishlashga majbur bo‘lib, yashash joyi sifatida ham shu sexlardan foydalanilgan. Ayrim holatlarda ularga atigi 4 yevro atrofida soatbay haq to‘langani aniqlangan. Ishchilarning yarmi noqonuniy ravishda ishlagan.
Shu sababli Milandagi sud Loro Piana ustidan bir yil muddatga tashqi boshqaruv joriy etishga qaror qilgan. Agar kompaniya o‘z faoliyatini qonunchilik talablariga moslashtirsa, bu choralar belgilangan muddatdan oldin bekor qilinishi mumkin. Brend hozircha ushbu masala yuzasidan izoh bermagan. Biroq kompaniya ichki audit tizimini takomillashtirishga va huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgan.
Jurnalistlar ta’kidlashicha, Loro Piana shu tarzda Milandagi sud tomonidan mehnat ekspluatatsiyasi sababli sud nazoratiga olingan beshinchi moda sanoati brendi bo‘ldi. Avvalroq Valentino, Alviero Martini, Dior va Armani ham shunga o‘xshash ayblovlarga duch kelgan edi.
Xususan, 2024-yilning iyul oyida Dior va Armani ishlab chiqarish sexlarida ham noqonuniy migrantlar yollangani aniqlangan, ularga soatiga atigi 2 dollar to‘langan. Ishchilarning aksariyati Xitoy fuqarolari bo‘lib, deyarli tun-u kun, dam olish va bayram kunlari ham ishlagan. Ular ishlab chiqarish sexlarida yashashga ham majbur bo‘lgan. Dior va Armani vakillari esa bu ayblovlarni inkor etgan.
Izoh (0)