“Sevimli” telekanali mualliflik huquqini buzgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, muallif R.Xudoyberdiyevga tegishli musiqiy asarlar telekanal tomonidan bir nechta telenovellalarda ruxsatsiz hamda tegishli shartnoma tuzmagan holda foydalanilgani hamda Splay va YouTube platformalari orqali barchaning e’tiboriga yetkazilgani aniqlangan.
Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-1-moddasi (mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) bilan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sudga yuborilgan.
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga nisbatan 177-1-moddaning 1-qismi bilan jarima jazosi tayinlangan.
Ushbu moddada fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha (375 ming so‘mdan 1 million 875 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa — 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 million 875 ming so‘mdan 3 million 750 ming so‘mgacha) miqdorda jarima ko‘zda tutilgan.
“Shu o‘rinda asarlardan foydalanuvchilardan, jumladan, teleradiokanallardan mualliflik va turdosh huquqlarga qat’iy rioya qilishlarini so‘rab qolamiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
Qonunchilikka muvofiq muallif huquqbuzardan zarar qoplanishi o‘rniga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilishga haqli hisoblanadi.
Mualliflik huquqi buzilishi bilan bog‘liq boshqa holatlar
19-iyunda shoirning she’ridan ruxsatsiz foydalangan yana bir xonanda Farrux Xamrayev jarimaga tortilgandi. Xonanda Feruza Karimova qo‘shiq ijrosida she’rdan ruxsatsiz foydalangani uchun muallifga 40 million so‘mdan ortiq pul to‘lashi belgilangandi. Rayhonning “Yaxshimasmi” qo‘shig‘ida she’rdan muallif ruxsatisiz foydalanilgani aniqlangandi. Manzura va Murodjon Yo‘ldoshev “Azizim” qo‘shig‘ini muallif ruxsatisiz kuylagani maʼlum bo‘lgandi.
Izoh (0)