O‘zbekistonda aholi qarzini qaytara olmasligi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishidan xavotir bor. Shu bilan birga, mamlakatda qator moliyaviy xatarlar ehtimoli ham mavjud. Bu haqda Markaziy bank 2024-yil yildagi Moliyaviy barqarorlik sharhida maʼlumot berdi.
Qarz yuki xavotirlari
2024-yilda aholining umumiy qarz yuki, yaʼni oylik daromadiga nisbatan kredit miqdori o‘rtacha 34 foizni tashkil etdi. Bankdan qarz olganlarning ko‘pchiligi oyligining yarmini kredit to‘lashga sarflamoqda. Mazkur toifadagi odamlar qarzlari umumiy kreditlarning 40 foiziga teng. Bu juda katta ko‘rsatkich.
Agar iqtisodiyotda og‘ir vaziyat yuz bersa, masalan, narxlar oshib, ish haqi pasaysa yoki ishsizlik ortsa, baʼzi banklar katta moliyaviy yo‘qotishlarga uchrashi mumkin. 2027-yilga kelib, to‘rtta yirik bankda xavfli holat yuzaga kelish ehtimoli bor. Ularning moliyaviy xavfsizlik darajasi (kapitali) belgilangan minimal meʼyordan pastga tushib ketishi mumkin. Bu banklar faoliyati uchun xavfli hisoblanadi.
-n5Cb2Sbp.avif)
Likvidlik va omonatlar
Tahlilga ko‘ra, ayni paytda banklarda likvidlik (kapital yetarliligi) bo‘yicha xavf katta emas. Yaʼni hozircha banklarda mablag‘ bilan bog‘liq muammo yo‘q.
2025-yil yakunigacha tijorat banklarida yetarlicha pul va likvid aktivlar bo‘lishi kutilmoqda. Hatto baʼzi banklarda salbiy oqim (chiqim ko‘payishi) kuzatilsa ham, zaxiradagi pullar buni qoplab bera oladi.
Ko‘pchilik tijorat banklarida yirik mijozlarga qaramlik xavfi mavjud. Bunda asosiy omonatlar bir nechta yirik mijozlarga tegishli. Agar mazkur mijozlar o‘z pullarini birdan qaytarib olsa, banklar moliyaviy muammoga duch kelishi mumkin.
Uy-joy va avtomobil bozori
2024-yilda O‘zbekistondagi uy-joylar asl narxidan 17 foiz qimmat bo‘ldi. Bu ham jiddiy moliyaviy xatarlar yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan omillardan. Boshqa tomondan ko‘chmas mulk savdolari kamaygan va banklar ipoteka kreditlarini olish shartlarini qattiqlashtirgan. Ipoteka kreditlari qoldig‘i biroz kamayishiga qaramay, uning yuqori darajasi saqlanib qolyapti.
O‘tgan yilda avtokredit bozoridagi vaziyat yaxshilangan. Banklar avtomobil kreditlarini berishda ehtiyotkorroq bo‘lib, aholining transport sohadagi qarz yukini kamaytirishga erishgan. Mashina narxlari ham nisbatan barqarorlashgan.
Mikroqarzlar qaytarilmayotgani jiddiy xavf
Ajratilgan mikroqarzlari (kichik miqdordagi kreditlar) tarkibida muammoli kreditlar ulushi yuqori banklar ham mavjud. Ularda qaytarilmayotgan kreditlarni qoplashga zaxira yetarli emas. Mazkur holat mikroqarzlar bo‘yicha kredit xavfini oshirmoqda.
Mamlakatda mikroqarz oluvchilarning soni ham, umumiy miqdori ham o‘sishda davom etmoqda. Bu kelajakda moliyaviy muammolar xavfini kuchaytiradi.
Davlatlararo ziddiyatlar zarari
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2024-yilda dunyo iqtisodiyotida beqarorlik va noaniqliklar davom etdi. Davlatlar orasidagi geosiyosiy ziddiyatlar (urushlar, sanksiyalar, savdo nizolari) yanada kuchaydi. Nizolar xalqaro savdo, investitsiyalar va iqtisodiy qarorlarga salbiy taʼsir qildi.
Hozir ham dunyoda iqtisodiy noaniqliklar yuqoriligicha qolmoqda. Urushlar, sanksiyalar, joriy etilgan savdo to‘siqlari va siyosiy beqarorlik global iqtisodiy muhitga bosim o‘tkazmoqda. Bunday sharoitda markaziy banklar va hukumatlar keskin qarorlar o‘rniga kamroq sarmoya qila boshlaydi.
Ayni paytda xalqaro savdo siyosatiga bo‘lgan ishonch pasaygan. Yaʼni dunyo iqtisodiyotidagi asosiy muammo — urushlardan ham ko‘ra, davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy ziddiyatlar bo‘lib qolmoqda.
Inflyatsiya pasaysa-da xavotir kuchli
2024-yil yakuniga kelib, global inflyatsiya (dunyo bo‘yicha narx-navo o‘sishi) darajasi 4,9 foizni tashkil etdi. Bu 2023-yilga qaraganda 1,1 foizga past degani.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2025 va 2026-yillarda inflyatsiya yana pasayishda davom etishini kutmoqda. Jumladan, 2025-yilda global inflyatsiya darajasi 4,3 foiz, 2026-yilda 3,6 foizgacha tushishi taxmin qilinyapti.
-gEXKAt7e.avif)
Biroq xavotirlar hamon kuchli. 2025-yil boshida dunyodagi siyosiy vaziyat va iqtisodiy bo‘linishlar xalqaro savdoga salbiy taʼsir qila boshladi. Bu esa yana inflyatsiya o‘sishiga olib kelishi mumkin. Agar narxlar qimmatlashishda davom etsa, markaziy banklar foiz stavkalarini yuqori darajada saqlashiga to‘g‘ri keladi. Bunday holat dunyoda pul topish va kredit olishni yanada qiyinlashtiradi.
O‘tgan yili so‘m dollarga nisbatan 4,7 foiz qadrsizlandi. Bu 2023-yildagiga (10 foiz atrofida) qaraganda 5,2 foizga kam.
-ZHTyrsHH.avif)
O‘zbekiston iqtisodiyotiga xavflar
Markaziy bank 2024-yilda o‘tkazgan so‘rov natijasiga ko‘ra, qator hodisalar mamlakat moliya tizimiga jiddiy xavf tug‘dirishi kutilmoqda. So‘rovda qatnashganlarning eng ko‘p qismi (53 foizi) iqtisodiyotga katta xavf sifatida tashqi geosiyosiy xatarlarni (urush va siyosiy beqarorliklar) ko‘rgan.
Keyingi o‘rinda respondentlar (37 foizi) inflyatsiya (narxlar o‘sishi) juda tezlashishidan xavotiri borligini qayd etgan. Shu bilan birga, quyidagi jarayonlar yuz berishi jiddiy xatar ekani ko‘rsatilgan:
- valyuta kursi keskin o‘zgarishi — 35 foiz;
- aholi qarz yuki ortishi — 29 foiz;
- kreditlar qaytarilmaslik xavfi — 27 foiz;
- kiberhujumlar (internet orqali qilingan iqtisodiy tahdidlar) — 24 foiz.
-lW27Ty6E.avif)
Shu bilan birga, banklarda likvidlik muammosi, katta qarz olganlar qarzini to‘lay olmasligi (defolt), iqtisodiy pasayish va iqlim o‘zgarishi kabi omillar ham jiddiy xatar sifatida baholangan.
Jami 56 foiz respondent 1 yilgacha muddatda tizimli xatarlar sodir bo‘lish ehtimolini past baholagan. Shu bilan birga, 61 foiz ishtirokchi kelgusi 1–3 yil ichida tizimli xatarlar yuz berish ehtimolini o‘rtacha degan fikrda.
Ishtirokchilardan 67 foizida kelasi uch yillik O‘zbekiston moliya tizimiga ishonchi ortgan, 31 foizi esa qisman ishonch bildirgan. Umuman olganda, ko‘pchilik tez orada jiddiy iqtisodiy xavf bo‘lishiga ishonmaydi, lekin o‘rta muddatda buning ehtimoli bor deb hisoblaydi.
Izoh (0)