O‘zbekistonda joriy yilning 20-iyunidan umumtaʼlim maktablariga qabul boshlangan. Jarayon 31-iyulgacha davom etadi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda qabul qanday kechayotgani, yangi o‘quv yilidagi o‘zgarishlar va boshqa masalalardagi savollarga javob berdi.
— Maktablarga qabul jarayoni qanday ketyapti? Yangi o‘quv yili uchun 1-sinfga qancha o‘quvchi olinadi?
— Hozir O‘zbekistonda 10 182 ta davlat, 400 tadan ortiq nodavlat maktablar faoliyat yuritmoqda. Yangi o‘quv yili uchun 719 000 nafardan ortiq bolani 1-sinfga qabul qilish rejalashtirilgan. Joriy yil 15-iyul holatiga 521 000 nafardan ortiq bolalar boshlang‘ich sinfga olindi. Xususiy maktablarga esa 25 kun ichida 4 000 nafardan ko‘p o‘quvchi qabul qilindi.
Har bir maktabga mahalliy hokimliklar tomonidan biriktirilgan mikrohududlar doirasida qabul amalga oshirilmoqda. 1-avgustdan keyin ota-onalar istak va tanloviga ko‘ra, mikrohududdan tashqari qabullar bo‘ladi. Bolalar maktabga yashash manzillari biriktirilgan hududlar orqali, ota-ona bergan arizasi bo‘yicha avtomatik olinadi. Aynan mikrohududga ariza topshirish majburiy emas.
Birinchi galda mikrohudud kiritilganiga sabab, avvallari ota-onalar uyining yonida maktab bo‘la turib, unga bolalarini bera olmay qolgan. Boshlang‘ichda uyga yaqin maktab qulay bo‘ladi. Shuning uchun birinchi galda biriktirilgan mikrohudud doirasida sharoit qilinadi. Biz qabul jarayonlarini raqamlashtirdik. Endilikda onlayn navbat asosida ham maktabga qabullar davom ettirilmoqda.
— Nechta maktabda 2 smenali darslar o‘tiladi? Aksariyat insonlarda 1 smenali darslar bola rivojlanishi uchun yaxshiroq, degan qarash bor, bunga qanday munosabatdasiz?
— Bugungi kunda davlat maktablarida 6,4 million nafar bola tahsil oladi. Shundan 60 foizdan ortig‘i 2 smenada o‘qiydi. Ayni paytda maktablarda 5 milliontadan ortiq o‘quvchi o‘rni mavjud. O‘rtadagi farq qariyb 1 milliondan ortiq.
Bu farqni qisqartirish uchun investitsiya dasturlari asosida maktablar qurish, qo‘shimcha o‘quvchi o‘rinlari yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Masalan, 2023-yilda 582 ta maktabda qurilish-taʼminlash ishlari bajarilib, 172 mingta o‘quvchi o‘rni yaratilgan. Joriy yilda ham 520 dan ortiq maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, 182 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratish maqsad qilingan.
Nodavlat taʼlim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish orqali ham o‘quvchi o‘rni tashkil etilmoqda. To‘rt yil oldin respublikada 100 taga yaqin nodavlat maktablar bo‘lgan. Hozir ularning soni 400 tadan oshdi. Davlat-xususiy sherikchiligi asosida maktablar ochish tarmog‘i yo‘lga qo‘yilgan. Bu ham qo‘shimcha o‘quvchi o‘rinlarini ko‘paytirishga yordam beradi.
Darslar 2 smenada o‘tilishi bolalar davlat taʼlim standartlarini o‘zlashtirishiga salbiy taʼsir qilmaydi. Bir smenali taʼlimning qulay tomonlari darsdan keyin qolib, qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etish imkoniyati bo‘ladi. Lekin hozirda 2 smenali maktablarda ham dars jadvallari shunday tashkil qilinganki, bolalarni to‘garaklarga jalb qilish imkoniyati bor.
Bugun sinflarda o‘rtacha o‘quvchilarni to‘ldirish meʼyori 25 nafarni tashkil etadi. Bitta sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilangan. Respublikadagi davlat maktablarida jami 245 mingta sinflar mavjud. Shundan atigi 2 mingtasida o‘quvchilar soni 35 nafardan oshadi. Bu holat Toshkent shahri va viloyatlar markazlari, yangi qurilayotgan massivlarda, yaʼni aholi soni ko‘p hududlardagi maktablarda uchraydi. Sinfda 35 nafar o‘quvchi o‘qishi barcha fanlarga taalluqli emas. Bizda 10 dan ortiq fanlar ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi.
— Bugun O‘zbekistonda nechta maktabga yoki o‘quvchi o‘rniga ehtiyoj bor?
— Aniq maktab sonini aytib bo‘lmaydi. Chunki maktablar loyihalari, o‘rinlari turlicha. Bu o‘quvchi o‘rniga qarab belgilanadi. Hozirgi tendensiyada maktablarni rekonstruksiya qilish hisobiga qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Bugun qaysidir maktabda darslar ikki smenali bo‘lsa, o‘shanga qo‘shimcha bino qurish hisobiga o‘quvchi o‘rni yaratilib, bir smenaga tushiriladi. Hozir yangi maktab qurilishi bo‘yicha statistika chiqarish mantiqan to‘g‘ri emas.
O‘rta hisobda respublikada 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rniga ehtiyoj mavjud. “O‘zbekiston-2030” strategiyasida yangi maktablar barpo etish hisobiga ushbu ehtiyojni qisqartirib borish belgilangan. Joriy yilda 30 tadan ortiq yangi davlat maktablari quriladi. Yuqorida aytganimdek, 182 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga, xususiy maktablarda ham, DXSH maktablarida ham o‘quvchi o‘rniga bo‘lgan ehtiyoj qisqartirib boriladi.
— O‘quvchilar maktabga maksimal qancha uzoqlikdan qatnashlari kerak? Bu bo‘yicha aniq norma bormi?
— Albatta, maktab o‘quvchilarni eng uzog‘i bilan ikki kilometrlik radiusda qamrab olishi kerak. Bunda uydan maktabgacha bo‘lgan masofa yayov boriladigan hududda 500 metr, jamoat transportida qatnash imkoniyati bor joylarda ikki kilometrgacha yetishi lozim. Mikrohududlar ham shundan kelib chiqib belgilanadi.
— Olis hududlardagi o‘quvchilar uchun bepul maktab avtobuslari yo‘lga qo‘yilishi maʼlum qilingandi. Bu bo‘yicha qanday yangilik bor?
— Yangi o‘quv yilidan boshlab Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hududlarida 100 ta maktabga bepul avtobuslar yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borilmoqda. Bu tizim autsorsing asosida ishlaydi. Avtobuslar o‘quvchilarni maktabga o‘z vaqtida borishlariga yordam beradi. Shu bilan birga, bolalarni taʼlim jarayoniga qamrab olish imkoniyatini oshiradi. Hozirda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining mahalliy hokimiyatlari va Transport vazirligi bilan hamkorlikda tizimni yo‘lga qo‘yish ishlarini olib bormoqdamiz.
— Davlat maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar soni qancha? Ularning bilim va mahoratini oshirish uchun nimalar qilinmoqda?
— Bugungi kunda davlat maktablarida jami 525 ming nafardan ortiq pedagog dars beradi. Umumiy hisobda bir nafar o‘qituvchiga 12 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi.
O‘qituvchilar kasbiy mahoratini kuchaytirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Birinchi galda malaka oshirish tizimi tubdan o‘zgardi. Endi o‘qituvchi majburiy emas, o‘z ehtiyojidan kelib chiqib malaka oshiradi. O‘quv dasturi ham, unga bo‘lgan yondashuv ham o‘zgardi.
Ikkinchidan, sifatli o‘qituvchini taʼminlash uchun o‘tgan o‘quv yilidan boshlab stajyor-o‘qituvchi tizimi joriy etildi. Endilikda oliy taʼlimni bitirib kelganlar birdaniga to‘laqonli o‘qituvchi bo‘lmaydi. Oldin maktabga moslashadi. Bir yil davomida stajyor-o‘qituvchi sifatida ishlaydi. Keyin kasbiy sertifikatni olsagina o‘qituvchi bo‘ladi.
Uchinchidan, pedagog kadrlarning attestatsiya jarayonlarini ochiq va shaffof tarzda o‘tkazdik. Bunda ham yondashuv boshqacha bo‘ldi. O‘qituvchilarning faqatgina bilimi emas, kasbiy-pedagogik mahorati ham aniqlandi.
Keyingi o‘quv yilidan kasbiy rivojlantirish soatlari va kunlari bo‘yicha tizim joriy qilinadi. Bunda o‘qituvchi uzluksiz malaka oshirishga jalb etiladi. Har hafta bir marotaba o‘zining fanidan maʼlum maktabda malakasini oshirib boradi. Bundan tashqari, o‘zining maktabida ham kasbiy rivojlantirish soatlari bo‘ladi. Barcha o‘qituvchilarga o‘z ustida ishlashga imkoniyat yaratilmoqda. Shu orqali bosqichma-bosqich sifatli taʼlimga erishish mumkin.
— Yangi o‘quv yilidan maktablardagi chet tili fani o‘qituvchilaridan B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lish talab etilishi belgilangan. Bu talab qay darajada bajarilmoqda?
Hukumat qarori bo‘yicha yangi o‘quv yilidan boshlab B2 sertifikati bo‘lmagan o‘qituvchi maktabda ingliz tilidan dars bera olmasligi kerak edi. Lekin bu talab yengillashtiriladi. Hali rasmiy qaror chiqmagani uchun tafsilotlarni to‘liq ayta olmayman.
Aslida bunday talab qo‘yilishiga sabab sifatli taʼlimga erishish uchun sifatli o‘qituvchi kerakligi bilan bog‘liq. Xorijiy tilda dars beruvchi o‘qituvchi chet tilini eng kamida B2 — oliy taʼlimni bitirganda bakalavrga qo‘yilgan darajada bilishi kerak. Bu xorijiy tillarni o‘rgatishda sifatga erishish uchun qo‘yilgan talab va maqsadlardan hisoblanadi.
— Maktablarda talabalarga dars o‘tish huquqi berilgan. Bugun talaba-o‘qituvchilar soni qancha, ularda pedagogik mahorat yetarli darajadami?
— Ikki yil ilgari oliy taʼlimda “4+2” tizimi joriy qilingan. Yaʼni 6 kunlik o‘qish haftasining 4 kuni oliy taʼlimda, ikki kuni maktabda. Bunda 2-bosqichdan boshlab talabalar maktab bilan bog‘lanadi.
Talaba 4 yil o‘qib, dars berishga yana bir yil moslashishga vaqt sarflagandan ko‘ra, 3-4-kurslardayoq maktabga kelib, mahoratini oshirgani yaxshiroq.
Olis va chekka hududlarimizda o‘qituvchiga bo‘lgan ehtiyoj bor. Ularni shu yuqori bosqich talabalari hisobiga qoplash imkoniyati bo‘ladi. Talaba maktabga kelgani amalda ishlab turgan o‘qituvchining o‘rnini egallab oladi degani emas. U faqat vakant bo‘lgan va o‘qituvchiga ehtiyoj mavjud joylarga qabul qilinadi. Bugun maktablarimizda 525 ming nafar o‘qituvchilar bo‘lsa, shundan 40 ming nafardan ortig‘i talaba. Buning unchalik yomon tomoni yo‘q. Ular ertaga maktabga moslashib, bo‘lajak o‘qituvchilik kasbini sharafi va mashaqqatini tushunib borsa, faqat yaxshi tomonga bo‘ladi.
— Maktab taʼlimi tizimida raqamlashtirish ishlari qanday ketyapti? Natijalar haqida maʼlumot bersangiz.
— Taʼlim jarayonini raqamlashtirish orqali birinchi galda ochiqlik va shaffoflik taʼminlanmoqda. Hozirgacha tizimda bir necha davlat xizmatlari joriy etildi. Masalan, 1-sinfga qabul ham onlayn shaklga o‘tkazilmoqda. Bugungi kunda 43 ta tuman va shaharlardagi 1200 tadan ortiq maktablarda onlayn qabul amalga oshirilyapti. Bu yil maktablarga 521 ming boladan 50 ming nafari onlayn shaklda qabul qilingan. Yangi o‘quv yili boshlanguncha mazkur ko‘rsatkichni 150 mingtagacha yetishi kutilmoqda. 2027-yilgacha butun respublikada maktablarga qabullar to‘liq onlayn shaklga o‘tkazishni reja qilganmiz. Onlayn qabul ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, inson omilini kamaytirish, ortiqcha byurokratiya, maktabga qabul jarayonlarida turli ko‘rinishdagi tamagirlik holatlarining oldini oladi.
Bolani maktabdan maktabga o‘tkazish ota-onalarni qiynaydigan jarayonlardan biri edi. Bu faqat 1-sinf emas, yuqori sinfga o‘tkazishda ham murakkab bo‘lgan. Yaqinda o‘quvchini bir maktabdan ikkinchisiga o‘tkazish davlat xizmatini joriy qilganimiz. Mazkur tizim hozircha onlayn qabul bo‘layotgan maktablarda ishlamoqda. Bu xizmatdan foydalanish uchun ota-onalar maktabga elektron platforma orqali ariza beradi. Arizasi uch ish kunida ko‘rib chiqilib, qabul jarayoni amalga oshiriladi.
Oxirgi bir yil davomida 200 ming nafardan ortiq ota-onalar ushbu xizmatdan foydalandi. Ular ortiqcha ovoragarchiliksiz, byurokratik to‘siqlarsiz farzandini bir maktabdan ikkinchisiga ko‘chirish imkoniga ega bo‘ldi. Hozir bu tizim 43 ta tuman va shaharda ishlayotgan bo‘lsa, keyingi o‘quv yili yakuniga qadar 100 ta tuman va shaharda amalga oshirish uchun tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Avvallari fuqarolar ayrim sabablarga ko‘ra dublikat shahodatnomalarini yo‘qotganda, uni olish uchun bir oydan uch oygacha vaqt sarflagan. Yaʼni dublikat attestatsiya yo‘qolsa, maktabga borib, arxiv hujjati bilan “spravka” olingan. Keyin maxsus idoradan maʼlumot olib, shahodatnoma yo‘qolgani bo‘yicha gazetaga eʼlon berilgan. Barcha hujjat va maʼlumotlar yig‘ilib, maktabga berilgan. Maktab uni tumanga, tuman viloyatga, u esa respublikaga chiqargan. Bundan 4-5 yil oldin yo‘qotgan dublikat shahodatnomasini qaytadan olish uchun Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanidagi fuqaro Toshkentga kelib, ketgan. Hozir dublikat shahodatnoma olmoqchi bo‘lsangiz, uydan chiqmagan holda my.gov.uz orqali ariza berasiz, eng kechi bilan yetti kunda elektron shahodatnomangizni olasiz.
Ikki yil ilgari bitiruvchilar shahodatnomasini elektron formatga o‘tkazganmiz. Hozirgacha bir million nafarga yaqin o‘quvchilarimizga elektron shahodatnoma berildi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib elektron shahodatnoma tizimiga o‘tgan. Oldingidek shahodatnomani to‘ldirish uchun maktabda oylab vaqt ketmaydi. Qolaversa, elektron shahodatnomalarni istalgan vaqtda onlayn yuklab olish imkoniyati yaratilgan.
Ikkinchidan, tizim bitiruvchi biror ish yoki o‘qishga kirmoqchi bo‘lsa, Bilim va malakalarni baholash agentligi, OTMlariga ham integratsiya qilingan. OTMlariga hujjatlar bevosita ushbu baza orqali topshiriladi. Avvalgiga o‘xshab shahodatnomani qog‘ozga chiqarib, institutga olib borishiga hojat qolmaydi.
Taʼlim jarayonida 3-4 yil oldin maktabda 10 tadan ortiq hujjatlar yuritilgan. Men o‘qituvchilarni aytayotganim yo‘q. Pedagogik kengash va buyruqlar daftari bo‘lgan. Yangi o‘quv yilidan boshlab birorta hujjat maktablarda qog‘oz shaklida yuritilmaydi. O‘tgan yili qog‘ozda to‘ldirilayotgan bitta hujjat — baholar tabeli qolgandi. Bu yildan boshlab u ham elektron shaklga o‘tkazildi. Endilikda olti million nafardan ortiq o‘quvchi o‘zlashtirish tabelini onlayn kundalik tizimida elektron shaklda oladi. Maktab ham, o‘qituvchi ham qog‘oz shaklida hujjat yuritmaydi. Bunda o‘qituvchining asosiy vaqti qog‘oz to‘ldirishga emas, sifatga, taʼlim jarayoniga, darsga sarflanishi taʼminlanadi.
Keraksiz bo‘lgan hujjatlardan voz kechganmiz. Qaysidir hujjatlarni qog‘ozda to‘ldirilgan bo‘lsa, elektron tizimga o‘tilgach, u hujjatlarga zarurat qolmadi. Masalan, shahodatnomani elektron tizimga o‘tkazdik. Ilgari shahodatnomalarni ro‘yxatga olish kitobi bo‘lardi. Uni har yili to‘ldirish, rasmlarini yopishtirib chiqish kerak edi. Shu hujjatdan voz kechdik. Yoki o‘quvchilarni qabul qilishda “o‘quvchilar harakati” daftari bo‘lgan. Unga buyruqdan tashqari, keldi-ketdilar yozib borilgan. Bundan ham voz kechildi. Raqamlashtirish hisobiga taʼlim jarayonini boshqarishni soddalashtirish, tizimda ochiqlikni taʼminlashga harakat qilyapmiz.
Islombek Umaraliyev suhbatlashdi
Izoh (0)