Dunyo bo‘ylab 2 milliarddan ortiq odam yoki har 4 kishidan biri toza ichimlik suviga ega emas. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) 26-avgust kuni hisobot e’lon qildi.

BMT dunyo aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi ishlar juda sust kechayotganini bildirmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hamda UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda dunyo bo‘ylab har 4 kishidan biri toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. 100 milliondan ziyod odam esa ko‘pincha daryo, hovuz yoki kanallardan to‘g‘ridan to‘g‘ri yerusti suvini iste’mol qilishga majbur bo‘lgan.
JSST va UNICEF hamkorlikda tayyorlagan tadqiqotda suv, sanitariya va gigiyena vositalarining yetishmasligi milliardlab odamlarni turli kasalliklarga duchor qilayotgani qayd etilgan. Yuqoridagi tashkilotlar bu vaziyat 2030-yilga borib, yanada og‘irlashishini prognoz qilmoqda.
“Toza suv, sanitariya va gigiyena — bu imtiyoz emas, balki asosiy inson huquqlaridir. Ayniqsa, eng chekka hududlarda bu boradagi chora-tadbirlarni tezlashtirishimiz lozim”, dedi JSST vakili Ruydiger Krex.
Hisobotda ichimlik suvi 5 ta turga ajratilgan. Birinchi turdagi suv toza va xavfsiz bo‘lib, u najas hamda zararli kimyoviy moddalar bilan ifloslanmagan bo‘ladi. Shuningdek, unga odamlar istalgan payt ega bo‘la oladi. Qolgan 4 ta tur esa quyidagilar: asosiy (30 daqiqadan kam vaqt ichida ega bo‘linadigan tozalangan suv), cheklangan (tozalangan, ammo unga ega bo‘lish uchun ko‘proq vaqt talab qilinadi), tozalanmagan (quduq yoki buloqdan olingan), va yerusti suvi (daryo yoki kanal suvi).

Dunyo aholisining 961 million nafari 2015-yildan beri toza suv bilan ta’minlangan. Boshqacha aytganda, qamrov 68 foizdan 74 foizga ko‘tarilgan. Toza suvga ega bo‘lmagan 2,1 milliard kishidan 106 million nafari 2024-yilda yerusti suvlarini iste’mol qilgan. Bunday suvni iste’mol qilishga chek qo‘ygan davlatlar soni 2015-yilda 142 ta bo‘lgan bo‘lsa, ushbu raqam 2024-yilda 154 taga yetgan.
Sanitariya xizmatlari haqiga gap ketganda, 2015-yildan beri 1,2 milliard odam sanitariya tizimlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan. Bunda qamrov 48 foizdan 58 foizga oshgan. Ochiq joylarda hojatini chiqaruvchilar soni esa 429 milliondan 354 millionga kamayib, butun dunyo aholisi orasida 4 foizni tashkil etgan.
Gigiyena xizmatlari bo‘yicha esa 2015-yildan beri 1,6 milliard odam uyda sovun va suv bilan qo‘l yuvish uchun zarur qulayliklarga ega bo‘lgan. Bunda qamrov 66 foizdan 80 foizga ko‘tarilgan.
“Bolalar toza suv, sanitariya va gigiyenaga ega bo‘lmasa, ularning sog‘ligi, ta’limi hamda kelajagi xavf ostida qoladi. Bu adolatsizliklar ayniqsa qizlar uchun og‘ir bo‘lib, ular ko‘pincha suv olib kelish vazifasini bajaradi. Qizlar, shuningdek, hayz ko‘rish davrida qo‘shimcha muammolarga duch keladi”, dedi UNICEF vakili Sesiliya Sharpe.
Izoh (0)