“Hizbulloh” yetakchisi Naim Qosim guruhni qurolsizlantirish talabini rad etdi va Livanning suvereniteti faqat Isroilning “tajovuzlari” to‘xtatilgandagina ta’minlanishini aytdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Qosimning so‘zlariga ko‘ra, Livan hukumati avvalo 2024-yil noyabrida imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga Isroil rioya qilishini ta’minlashi kerak. Shundan keyingina milliy mudofaa strategiyasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi mumkin.
“Qarshilik Isroilning o‘z maqsadlariga erishishiga to‘sqinlik qiluvchi kuchli to‘siq bo‘lib qoladi. Isroil Livanda qola olmaydi yoki o‘zining kengayish loyihasini Livan orqali amalga oshirolmaydi”, dedi “Hizbulloh” rahbari.
U shu tariqa Livan hukumati va xorijning “Hizbulloh” qurollarini milliy mudofaa strategiyasiga integratsiya qilish bo‘yicha takliflarini rad etdi. Qosimning ta’kidlashicha, avvalo Isroil Livan hududidan chiqib ketishi, asirlarni ozod qilishi va hujumlarni to‘xtatishi kerak.
“Agar siz haqiqatan ham suverenitetni xohlasangiz, unda tajovuzni to‘xtating. Bizni dushmandan himoya qiladigan qurollarni tashlamaymiz. Agar hukumat hozirgi ko‘rinishda davom etsa, unga Livan suverenitetini himoya qilishni ishonib topshirib bo‘lmaydi”, dedi Qosim.
Iyul oyida Livan Vazirlar kengashi armiyaga yil oxirigacha “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish rejasini tuzish vazifasini yuklovchi rezolyutsiyani tasdiqlagan. Mazkur qaror AQSH tashabbusi doirasida qabul qilingan. Unga ko‘ra, Isroil Livanning janubidagi ayrim hududlarni egallab turishni va mamlakatga kundalik hujumlarni to‘xtatishi kerak. “Hizbulloh” esa bu qarorni “mavjud emasdek” qabul qilishini bildirgan.
Izoh (0)