Daryo

Sankt Peterburgda migrantlarga taksichilik qilish taqiqlandi

Patent asosida ishlayotgan migrant haydovchilar uch oy ichida ishdan olinadi

1 daqiqa o‘qish7 578 ko‘rishlar0 izoh0

Rossiyaning Sankt Peterburg shahrida patentga ega bo‘lgan muhojirlarning taksi xizmatlarida ishlashi taqiqlandi. Tegishli qaror gubernator Aleksandr Beglov tomonidan imzolandi.

Foto: “RIA Novosti”

Hujjat 10 kundan keyin kuchga kiradi. Taqiq 2025-yil oxirigacha joriy etilmoqda. Qarorda ish beruvchilar uchun uch oylik o‘tish davri nazarda tutilgan. Bu vaqt ichida kompaniyalarga taksi haydash uchun “patent asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan chet el fuqarolarini” ishdan bo‘shatish va yangi ishchilarni jalb qilish buyurilgan.

Cheklov taksi xizmatlari sifati va xavfsizligini oshirishga, “Rossiya fuqarolarini ish bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar” yaratishga imkon beradi, deydi hukumat.

Iyul oyi boshida Sankt Peterburg parlamenti spikeri Aleksandr Belskiy migrantlarga taksichilikni taqiqlash “kollaps yuz berishi”ga olib kelishini aytgan edi.

Biz bunday qarorlarni qabul qilar ekanmiz, Sankt Peterburg yaqin atrofdagi mintaqalar uchun qanday changyutgich bo‘lishini o‘ylashimiz kerak. Pskov, Novgorod, Leningrad viloyatlari. Ishchi kuchi Peterburgga oqib keladi. Dalalarda kim ishlaydi? Hamma taksiga o‘tib ketadi, degan edi u.

2025-yil yanvar oyida Rossiyaning 49 ta mintaqasida (shu jumladan, anneksiya qilingan Ukraina hududlari) migrantlarning ishlashiga turli darajadagi cheklovlar joriy etilgandi. Amalda taqiq obyektlari asosan O‘zbekiston va Tojikistondan kelgan ishchilar bo‘lgan, deb yozgan edi “Verstka” nashri.

Bunga 2024-yil mart oyida Crocus City Hall’dagi teraktdan keyingi muhojirlarga qarshi choralar sabab bo‘lgan. Leningrad, Omsk, Magadan, Tyumen, Chelyabinsk va boshqa viloyatlarda, shuningdek, Tatariston va Kamchatkada migrantlar uchun taksichilik faoliyatiga taqiq joriy etilgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar