Avstriyada 29 yoshli, vazni 300 kilogrammga yaqin erkak qamoqxonada saqlanishining rekord darajadagi qimmatligi tufayli jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Oddity Central xabar bermoqda.

Erkak Venadagi uyda o‘tkazilgan tintuv paytida katta miqdordagi giyohvand moddalar topilgani sababli qamoqqa olingan. Dastlab u Venadagi Yozefshtadt qamoqxonasiga joylashtirilgan, biroq bir necha kundan so‘ng uni poytaxtdan taxminan 15 kilometr shimolda joylashgan Kornoyburg qamoqxonasiga ko‘chirishga to‘g‘ri kelgan. Yangi joyda u maxsus o‘ta mustahkam karavot va hamshiralarning kecha-yu kunduz parvarishidan foydalanmoqda.
Avstriyaning Kronen Zeitung nashriga ma’lumotlariga ko‘ra, bu erkakni saqlash davlatga kuniga 1 800 yevrogacha tushmoqda. Bu oddiy mahbuslarga sarflanadigan xarajatlardan deyarli o‘n baravar ko‘p. Bundan tashqari, avstriyalik mahbusni tashish har safar 5 000 yevro atrofida turadi, shu bois so‘roqlar faqat videoaloqa orqali o‘tkazilmoqda. Avstriyadagi eng og‘ir mahbusni saqlash xarajatlarining yuqoriligi jamiyatda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan.
“Oddiy fuqarolar shifokor qabuliga oylab navbat kutishga majbur bo‘lsa-yu, og‘ir jinoyatchilar uchun mablag‘ topiladi”, deya norozilik bildirmoqda mahalliy aholi.
Bundan avval Xitoyda ayol qamoq jazosidan qutulish uchun ketma-ket uch nafar farzandni dunyoga keltirgani xabar qilingandi.
Izoh (0)