AQSH prezidenti Donald Tramp 18-avgust kuni Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv chog‘ida matbuotga noto‘g‘ri ma’lumotlar berdi. CNN harbiy yordam bo‘yicha ma’lumotni tekshirib chiqdi.

Tramp nutqi davomida AQSH Ukrainaga urush davrida 300 milliard dollardan ortiq yordam bergani haqida gapirdi. Boshqa nuqtida esa “Menimcha, bu raqam 300 milliard dollardan ancha yuqori. Balki 350 milliard bo‘lishi mumkin”, degan edi.
Biroq faktlar bu da’voni rad etadi. Germaniyadagi Kiel Iqtisodiyot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil yanvar oxiridan 2025-yil iyunigacha AQSH Ukrainaga harbiy, moliyaviy va gumanitar yordam sifatida 134 milliard dollar ajratgan. Bu AQSHning ushbu davr mobaynida va’da qilgan 139 milliard dollarining deyarli hammasini tashkil qiladi.
AQSH Bosh inspektoriga ko‘ra, 2025-yil martigacha Ukraina uchun jami 185 milliard dollar mablag‘ tasdiqlangan, shundan qariyb 90 milliard dollari real sarflangan. Biroq bu summaga AQSH ichida qurol ishlab chiqarish uchun ketgan mablag‘lar va boshqa davlatlarga ajratilgan yordam ham kiritilgan.
CNN so‘rovidan keyin Oq uy rasmiysi anonim tarzda javob qaytarib, inspektor keltirgan 185 milliard dollarlik raqamni tilga olgan. U, shuningdek, G7 tashabbusi doirasida berilgan 20 milliard dollarlik qarzni ham eslatgan.
Shunga qaramay, bu raqamlar ham Trampning “350 milliard dollarlik” da’vosiga yaqinlashmaydi. Rasmiylar “hisob-kitobda” hatto Ukrainaga aloqasi bo‘lmagan narsalarni ham qo‘shib yuborgan:
- Rossiya bosqinidan keyin AQSH oilalari sezgan 90 milliard dollardan ortiq inflyatsiya;
- Rossiyaga qarshi sanksiyalar ortidan AQSH eksportining 16 milliard dollarga kamayishi;
- Urush sabab o‘g‘it narxining oshishi bilan bog‘liq 7 milliard dollarlik qo‘shimcha xarajat.
Mutaxassislarning fikricha, bularning hech biri Ukrainaga berilgan yordam sifatida hisoblanishi mumkin emas. Ayniqsa, amerikaliklarning inflyatsiya tufayli ko‘rgan zarari Ukrainaga yordam deb ko‘rsatilishi mutlaqo mantiqsiz.
Izoh (0)