Surxondaryoning Sho‘rchi tumanidagi propan zapravkada 13-avgust kuni portlash yuz berdi. Holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

FVV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, soat 12:58 da “Oqqo‘rg‘on” MFY Jarqishloq hududida joylashgan avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi hududida yoqilg‘i tashuvchi avtosisternadan yoqilg‘i saqlash rezervuarga yoqilg‘i to‘kish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida chaqnash ro‘y berib, yong‘in kelib chiqqani to‘g‘risida FVBga xabar qilingan.
Shunga ko‘ra 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 13:07 da hodisa joyiga yetib borib, soat 13:08 da yong‘in qurshab olingan va soat 13:16 da o‘chirilgan. Hozirda hodisa sababi va zarari aniqlanmoqda.
10-avgust kuni Samarqand viloyati, Jomboy tumanida zapravka yonib ketgandi. Yong‘in oqibatida Kia Bongo, Damas va Gentra rusumli avtomobillar zararlangan. 8-avgustda esa Xorazm viloyati Urganch shahrida ham avtomobillarga mobil yonilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in chiqqandi. Yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan. 5-avgustda Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida zapravka portlagandi. 16-iyul kuni ham ushbu tumandagi gaz to‘ldirish stansiyasi hududida yonilg‘i saqlash rezervuarida chaqnash va undan so‘ng yong‘in sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida 5 kishi vafot etgan.
Izoh (0)