Jefferies investitsiya banki tahlilchilari ma’lumotiga ko‘ra, yangi iPhone 17 Pro va 17 Pro Max modellarining boshlang‘ich narxi 50 dollarga oshadi. Bundan avval smartfonlarning narxi faqat 2017-yilda ko‘tarilgan edi.

Narxlar oshishiga ikki asosiy omil: birinchidan, qurilma komponentlari tannarxining ortishi, ikkinchidan, Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘shimcha bojlar joriy etilishi sabab bo‘lmoqda. Macworld’ning yozishicha, Apple ushbu xarajatlarni qoplash uchun yangi narx siyosatini joriy qiladi. Bunda Hindistondagi yangi bojxona to‘lovlari bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar hisobga olinmagan.
Apple so‘nggi yillarda ishlab chiqarishning bir qismini Xitoydan Hindistonga ko‘chirishga harakat qilmoqda. Bu esa logistika, yetkazib berish va ishlab chiqarish xarajatlarida ham o‘zgarishlar keltirib chiqarmoqda. Mutaxassislar fikricha, kompaniya zavodlarini Hindistonga ko‘chirgani sari u yerdagi bojxona va soliq siyosati ham narx shakllanishiga ta’sir qilishi mumkin.
Shu bilan bir vaqtda Apple sun’iy intellekt sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirmoqda. Kompaniya bosh direktori Tim Kuk so‘nggi konferensiyada Siri’ning yanada individuallashtirilgan versiyasi ustida katta yutuqlarga erishilganini ma’lum qildi. Dasturiy ta’minot bo‘yicha vitse-prezident Kreg Federigi esa Siri bo‘yicha katta yangilanishlar tayyorlanayotganini qayd etdi.
Tahlilchilar bashorat qilishicha, smartfonlar narxi oshishiga qaramay, iPhone 17 seriyasiga bo‘lgan talab yuqori bo‘lishda davom etadi, chunki Apple o‘z flagmanlariga yangi chip, yanada kuchli kamera tizimi, tejamkor batareya va SI funksiyalarini qo‘shishi rejalashtirilgan. Shuningdek, kompaniya Apple Intelligence platformasini yangi avlod iPhonelarida chuqur integratsiya qilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)