Iroqning Najaf va Karbalo shaharlarini bog‘lovchi yo‘lda joylashgan suv tozalash inshootidagi nosozlik sabab havoga xlor gazi sizib chiqdi. Oqibatda 600 dan ortiq ziyoratchi nafas qisishi simptomi bilan kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda Arab News xabar berdi.

Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi zaharlanish holatlari haqida 10-avgust kuni ma’lum qilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, baxtsiz hodisa tunda yuz bergan.
“Karbalo shahrida havoga xlor gazi sizib chiqishi oqibatida 621 nafar shaxsda nafas yetishmovchiligi kuzatildi. Ularning barchasiga tibbiy yordam ko‘rsatilib, sog‘lom holda uylariga javob berildi”, deyiladi bayonotda.
Ziyoratchilarni himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi xavfsizlik kuchlari voqeaga Karbalo–Najaf yo‘lidagi suv tozalash stansiyasida yuz bergan xlor sizib chiqishi sabab bo‘lganini tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, Iroqning Karbalo shahriga har yili millionlab shia musulmonlari ziyorat maqsadida tashrif buyuradi. Bu yil ham ziyoratchilar Imom Husayn va uning ukasi Abbos maqbaralariga tashrif buyurmoqda. Bu yerda ular Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarning nabirasi Husaynning o‘limini xotirlab, 40 kunlik motam tutadi.
Iroqda infratuzilma yillar davom etgan urushlar va korrupsiya oqibatida jiddiy zarar ko‘rgan bo‘lib, odamlar ko‘pincha xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaydi. Buning oqibati o‘laroq, 2025-yil iyul oyida Kut shahridagi savdo markazida yirik yong‘in yuz bergan. Hodisada 60 dan ortiq odam halok bo‘lgan, ularning ko‘pchiligi hojatxonalarda bo‘g‘ilib qolgan.
Izoh (0)