Olimlar Yerdan atigi 4 yarim yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan Alfa Sentavr yulduz tizimida ulkan gazli sayyora va yulduzning mavjudligiga oid yangi dalillarni e’lon qildi. Bu haqda NASA ma’lumotlariga tayanib, BBC xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, gazli sayyorada yashashga sharoit mavjud emas, biroq uning atrofida hayotni qo‘llab-quvvatlay oladigan yo‘ldoshlari bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Sababi sayyoraning yulduzi Quyoshga o‘xshab bir xil harorat va yorqinlikka ega. Bu esa, o‘z navbatida ularning yaqin atrofida hayot belgilari mavjud bo‘lgan sayyoralar borligini anglatadi.
Sayyoraning mavjudligi James Webb fazoviy teleskopi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasvir olish orqali qayd etilgan. Olimlar bu sayyorani ilk bor 2024-yil avgust oyida kuzatgan, ammo keyingi tekshiruvlarda u tasvirlardan “yo‘qolib qolgan edi”. Endi esa astronomlar ushbu sayyoraning haqiqatda mavjudligini isbotlash uchun yana yangi kuzatuvlar olib bormoqda.
Oxford universiteti professori, kosmik asboblar bo‘yicha mutaxassis Karly Xouetning ta’kidlashicha, ushbu kashfiyotning muhim va qiziq jihati sayyora xuddi Quyoshga juda o‘xshashligida.
“4 yorug‘lik yili albatta, katta masofa, ammo bu galaktik miqyosda juda yaqin. Yangi aniqlangan sayyoralarni bizning qo‘shnimiz desa ham bo‘ladi. Xususan, ushbu yulduz Quyoshga juda o‘xshash: harorati ham, yorqinligi ham deyarli bir xil. Bu esa uning atrofida hayot mavjud bo‘lgan dunyolarni izlashda juda muhim”, dedi Xouet.
Kuzatuvlarga ko‘ra, yangi sayyora Quyosh tizimidagi Yupiter yoki Saturnga o‘xshab, zich gaz qatlami bilan o‘ralgan. NASA laboratoriyasi mutaxassisi, yangi tadqiqot hammuallifi Charlz Baychman bu kuzatuvlar nihoyatda murakkab bo‘lganini ta’kidlamoqda:
“Bu kabi yorqin va tez harakatlanadigan yulduzlar yonidagi obyektlarni aniqlash hattoki dunyodagi eng kuchli fazoviy teleskop uchun ham juda mushkul. Ular atrofni shu qadar yorug‘ qiladi-ki, yaqin obyektlar ko‘rinmay qoladi”.
Ta’kidlanishicha, yaqin yillarda bu sirli sayyora haqida ko‘proq ma’lumot olish rejalashtirilmoqda. Ushbu maqsad doirasida NASAning yangi fazoviy texnikasi — Nancy Grace Roman teleskopi 2027-yilda ishga tushiriladi.
Izoh (0)