Xitoyda rasmiy hujjatlar hajmiga qat’iy cheklov joriy qilindi. Endi ular 5000 ieroglifdan (taxminan uch bet) oshmasligi kerak. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bu hukumatning byurokratizm va rasmiyatchilikka qarshi keng ko‘lamli kampaniyaning bir qismi. Yangi tartib asosida amaldorlar matnni qisqa, aniq va lo‘nda yozishi kerak. Idoralarga nafaqat hisobot hajmini, balki e’lon qilinadigan hujjatlarning umumiy sonini ham kamaytirish buyurilgan. Agar hajm oshirilishi zarur bo‘lsa, buni yozma ravishda asoslab berish shart bo‘ladi.
Yangi qoida yig‘ilishlarga ham taalluqli: ularni qisqartirish, ma’ruzalar davomiyligini bir soat bilan cheklash lozim. Ishtirokchilar soni qat’iy nazorat qilinishi kerak.
Bu Xitoy raisi Si Szinpin olib borayotgan kampaniyaning navbatdagi bosqichi bo‘lib, maqsad og‘ir byurokratik apparat yukini kamaytirish va e’tiborni iqtisodiy rivojlanishga qaratishdir, deyiladi xabarda.
Kampaniya yoz boshida joriy etilgan boshqa intizomiy choralar ortidan boshlandi. O‘sha paytda amaldorlarning ziyofatlar, alkogol va chekishga sarflaydigan xarajatlariga cheklov qo‘yilgan edi. Xitoy matbuotida bu amaliyot “gastronomik korrupsiya” deb nomlangan.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, endilikda ba’zi hududlarda davlat xizmatchilari norasmiy uchrashuvlarda uch kishidan ortiq ishtirok etish uchun rahbariyatdan ruxsat olishi shart. Ayrim hollarda esa ularni kechki alkogol testlariga chaqirishadi. Bularning bari Si Szinpin o‘n yildan ortiq vaqtdan beri olib borayotgan korrupsiyaga qarshi kurashning kuchayishi bilan birga kechmoqda.
Nazorat boshqa sohalarda ham kuchaymoqda. Yangi qarorda 21 ta band belgilangan bo‘lib, ular amaldorlarning ish samaradorligini baholash tizimini isloh qilishdan tortib, ularni vaqtincha boshqa lavozimlarga o‘tkazish tartibini o‘zgartirish va davlat idoralari ishlab chiqadigan mobil ilovalar sonini cheklashgacha qamrab oladi.
Izoh (0)