Xitoyda erkakni aldab 300 yilga sport zaliga abonement sotib olishga majbur qilishdi. Bu haqida “Oddity Central” xabar bermoqda.

Xanchjouda yashovchi 45 yoshli Jin ismli erkakning aytishicha, u zalda uch yil mashq qilgandan so‘ng, xodimlar unga sodiq mijozlar uchun uzoq muddatli obunalarni imtiyozli narxda sotib olib, keyin ularni yangi a’zolarga ikki baravar qimmat narxda qayta sotish kabi “maxsus” imkoniyat taklif qila boshlagan.
Ularning aytishicha, klub faqat 10 foiz komissiya oladi, qolgani esa xaridor uchun sof foyda bo‘ladi. Agar ikki oy ichida abonementni qayta sotishning iloji bo‘lmasa, pulni to‘liq qaytarishga va’da berishgan.
“Ular bu foydali sarmoya ekanligini aytishdi. Agar sotolmasam, pulimni qaytarishadi. Xavf yo‘qqa o‘xshardi”, - deb eslaydi erkak.
Biroq bir necha kundan so‘ng sotuvchi bitimni bu safar yanada kattaroq hajmda takrorlashni taklif qilgan. Va’dalarga ishonib, Jin ommaviy ravishda abonement sotib ola boshlagan. Shunday qilib, uch oy ichida u taxminan 120 ming dollar sarflab, umumiy davomiyligi 300 yilga teng bo‘lgan 1200 ga yaqin shaxsiy mashg‘ulotlar va abonementlarni xarid qilgan.
Jin o‘z investitsiyalarini sota olmagan va pulni qaytarish muddati kelganda, sotuvchi, menejer va klub egasi bilan aloqa to‘satdan uzilgan. Telefonlar o‘chirilgan, ofis bo‘m-bo‘sh, fitnes-markazning o‘zi esa kutilmaganda faoliyatini to‘xtatgan. Erkakning so‘zlariga ko‘ra, firibgarlar izsiz g‘oyib bo‘lishgan.
“Men shunchaki pul yo‘qotganim yo‘q. Sport zaliga 300 yillik abonement bilan qolib ketdim. Agar abadiy yashaganimda ham ulardan foydalana olmagan bo‘lardim”, deb nolib aytadi u.
Jabrlanuvchi Xanchjou politsiyasiga murojaat qilgan va hozirda firibgarlik bo‘yicha jinoiy ish yuzasidan tergov davom etmoqda. Shuningdek, Jin mablag‘larning bir qismini qaytarish talabi bilan fuqarolik da’vosini ham kiritgan.
Huquqshunoslar pulni qaytarish ehtimoli juda kamligi haqida ogohlantirmoqda. Gap shundaki, barcha shartnomalar ixtiyoriy ravishda imzolangan va ularda abonementlarning boshqalarga berilmasligi hamda qaytarilmasligi aniq ko‘rsatilgan.
Bundan avval AQSHda o‘zini Xudoning elchisi deb tanishtirgan firibgarlar 91 yoshli erkakni 60 mln dollarga chuv tushirgani xabar qilingandi.
Izoh (0)