Angliyaning “Nottingem Forest” klubi “Manchester Siti” yarim himoyachisi Jeyms Makeyti transferi bo‘yicha “shaharliklar”ga rasmiy taklif yubordi. Bu haqda Sky Sports nashriga tayanib Give me Sport xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, “o‘rmonchilar” 22 yoshli hujumkor yarim himoyachini xarid qilish uchun 25 million funt sterling (taxminan 30 million yevro) taklif qilgan. Biroq “Manchester Siti” bu miqdordagi taklifni rad etgan.
Futbolchining klubni tark etish ehtimoli yuqori. Sababi, “Siti” yozgi transfer oynasida Rayan Sherkini jamoaga qo‘shib olgan, qishda esa “Ayntraxt”dan Omar Marmushni xarid qilgan edi. Shu bois, Makeytining o‘yin amaliyoti kamayishi mumkin. Aynan shu holat uning jamoadan ketishiga sabab bo‘lishi aytilmoqda.
Ayni vaqtda “Nottingem Forest” hujumdagi yo‘qotishlarni qoplash maqsadida yangi futbolchilar izlamoqda. Jumladan, Entoni Elanganing “Nyukasl”ga o‘tishi ortidan, klub “Siti” futbolchisini o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilmoqda.
“Manchester Siti” Makeytini sotishga tayyor, ammo klub uni yuqoriroq narx evaziga qo‘yib yubormoqchi. Ayni paytda unga Angliya Premyer Ligasi jamoalari bilan birga Germaniyaning “Bayer” klubi ham qiziqish bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jeyms Makeyti o‘tgan mavsum “Manchester Siti” safida jami 27 ta o‘yinda maydonga tushib, 7 ta gol kiritgan. Uning klub bilan shartnomasi 2026-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 20 million yevro deb baholagan.
Izoh (0)