Qorqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanidagi Aqchako‘l suv havzasida bir oilaning 3 nafar a’zosi cho‘kib ketdi.

Voqea 23-iyul kuni yuz bergan. “Kar24.uz”ning yozishicha, qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida ikki nafar fuqaroning jasadi topilgan. Uchinchi fuqaroning jasadi hodisadan deyarli ikki kun o‘tib topilgan.
“Aqchako‘l turizm markazi” Instagram sahifasida uch kishi halok bo‘lganini tasdiqlagan. Unda aytilishicha, “oila suv havzasiga o‘zlariga tegishli qayiqda kelgan. Ko‘lning o‘rtasida kema suv ola boshlagan va cho‘kib ketgan. Oqibatda uch kishi halok bo‘lgan, qolganlari qutqarilgan”.
Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinoving “Daryo” so‘roviga ko‘ra ma’lum qilishicha, Beruniy tumanida yashagan 38 yoshli erkak M.M. Aqchako‘l suv havzasiga farzandlari, turmush o‘rtog‘i va jiyanlari bilan oilaviy dam olish maqsadida kelib, ko‘lga o‘zining shaxiy qayig‘i bilan tushgan. Ehtiyotsizligi oqibatida ko‘l o‘rtasiga borgan vaqtida qayiq cho‘kib ketgan.
Oqibatda M.M.ning 36 yoshli turmush o‘rtog‘i Z.R., hamda ularning 12 va 10 yoshdagi qizlari suvda cho‘kib, halok bo‘lgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 102-moddasi (ehtiyotsizlik orqasidan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Kodeksga ko‘ra, ehtiyotsizlik orqasidan ikki va undan ortiq odam o‘ldirish 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh (0)