“Barselona” hujumchisi Robert Levandovski ispan OAVlariga bergan intervyusida 2025/26-yilgi mavsum yakunida klubni tark etishi mumkinligi haqidagi savollarga javob berdi.

Tajribali forvard hozircha bu borada aniq qarorga kelmaganini ta’kidladi:
To‘g‘risini aytsam, hozir kelajagim haqida hech narsa deya olmayman. Sababi men endi uzoq muddatli reja tuzadigan yoshda emasman. Mavsum yakunida nima bo‘lishi unchalik muhim emas. Muhimi — aynan hozir, bu mavsumda nimalarga erisha olishim. Men o‘zimni xotirjam his qilyapman. Avvalo mavsum qanday yakunlanishini ko‘raylik, keyin bu borada o‘ylab ko‘raman, deya Levandovskining so‘zlarini keltiradi Sport.es nashri.
Avvalroq OAVda “Barselona” Markus Reshfordni xarid qilgani fonida, Levandovski o‘z kelajagi borasida xavotirga tushganligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Sababi ingliz hujumchisi ham qanotda, ham markazda o‘ynay oladi, bu esa Levandovskining asosiy tarkibdagi o‘rniga ta’sir qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Robert Levandovski o‘tgan mavsumda “Barselona” safida barcha musobaqalar doirasida 52 o‘yinda maydonga tushib, 42 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Uning klub bilan tuzgan shartnomasi 2026-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali polshalik hujumchining bozor qiymatini hozirda 12 million yevro deb baholamoqda.
Izoh (0)