“Vest Hem” klubi yarim himoyachisi Lukas Paketaga nisbatan qo‘yilgan garov tikish bilan bog‘liq barcha ayblovlar bekor qilindi. Shundan so‘ng Angliyaning boshqa bir klubi — “Manchester Siti” braziliyalik futbolchiga yana qiziqish bildira boshladi. Bu haqda TBR Football nashri xabar berdi. Manbaga ko‘ra, “shaharliklar” 27 yoshli Paketani 2023-yilda sotib olishi mumkin edi. O‘sha vaqtda tomonlar futbolchining transferi bo‘yicha kelishuvga erishgan va “Manchester Siti” uni 80 million funt (91,2 million yevro) evaziga xarid qilishga tayyorligini bildirgan. Biroq futbolchiga qarshi olib borilgan tergov ishlari sababli transfer amalga oshmagan. Endilikda futbolchining nomi oqlangach, transfer masalasi yana kun tartibiga qaytdi. Ayni paytda Paketaga bo‘lgan taklif narxi avvalgisiga qaraganda sezilarli darajada kamayishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, Paketa 2022/23 hamda 2023/24-yilgi mavsumlarda “Lester”, “Aston Villa”, “Lids Yunayted” va “Bornmut” jamoalariga qarshi o‘yinlarda ataylab sariq kartochka olganlikda gumon qilingan. Bu holat unga nisbatan umrbod diskvalifikatsiya ehtimolini yuzaga keltirgan edi. Biroq yakunda bu ayblovlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Ma’lumot uchun, o‘tgan mavsumda Paketa barcha musobaqalarda 36 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol muallifi bo‘lgan. Uning “Vest Hem” bilan tuzgan shartnomasi 2027-yilgacha amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining hozirgi transfer qiymatini 28 million yevroga baholamoqda.
×![Lightbox Image]()
Izoh (0)