Amerikalik demokrat senatorlar guruhi Donald Tramp ma’muriyatiga murojaat qilib, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishga majburlash uchun bosim o‘tkazishni so‘radi.

“Biz Tramp ma’muriyatini bosh vazir Netanyaxuga ta’sir o‘tkazishning barcha imkoniyatlaridan foydalanishga undaymiz”, deyiladi murojaatda.
Ta’kidlanishicha, senatorlar Netanyaxu HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishishi kerak, deb hisoblaydi. Bu “garovdagilarni iloji boricha tezroq ozod qilish” imkonini beradi.
Ular Netanyaxudan insonparvarlik yordami hajmini ko‘paytirishni, xalqaro tashkilotlar nazorati ostida uni samarali taqsimlashning ishonchli mexanizmlarini ta’minlashni talab qilmoqda.
Senatorlarning fikricha, G‘azodagi Gumanitar jamg‘armani yopish va G‘azoda BMT rahbarligidagi yordamni muvofiqlashtirish bo‘yicha mavjud mexanizmlarni qo‘llab-quvvatlashni tiklash lozim.
Senatorlar G‘azoni urushdan keyingi tiklash rejasini ishlab chiqish zarur, deb hisoblaydi. Bu rejaga ko‘ra, HAMAS hokimiyatni saqlab qolmaydi, Isroil G‘arbiy Sohilni o‘ziga qo‘shib olishdan voz kechadi va mintaqaga integratsiyalashuvni davom ettiradi, isloh qilingan Falastin ma’muriyati esa tegishli vakolatlarga ega bo‘ladi.
Murojaatni senatorlar Jek Rid, Dik Durbin, Jin Sheyxin, Mark Uorner, Kris Kuns va Brayan Shats imzolagan.
Izoh (0)