Roziya sulton o‘tkir zehnli va uzoqni ko‘ra biladigan hukmdor sifatida shuhrat qozonib, Dehli sultonligining taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shdi. Biroq uning hukmronlik davri juda ayanchli yakunlandi. XIII asrda bir ayol qanday qilib eng yirik islom davlatiga boshchilik qilishga muvaffaq bo‘ldi, nima sababdan mamlakat iste’dodli siyosatchining hokimiyatini tan olishga ojizlik qildi va Roziya sultonning hayoti qay tarzda nihoyasiga yetdi — bularning barchasini maqolamizda tahlil qilamiz.
Hozirgi Hindiston hududida joylashgan Dehli sultonligi 1206-yilda sunniy G‘uriylar sulolasi tomonidan asos solingan. Ikki madaniyat qo‘shilishi natijasida islom qonunlariga bo‘ysunuvchi yangi sivilizatsiya shakllangan. Uzoq vaqt davomida mamlakatda hokimiyat erkaklarga tegishli bo‘lib kelgan, ammo 1236-yilda vaziyat o‘zgardi. Sulton Eltutmish vafot etayotib, islom davlatining yozilmagan qonunlariga ko‘ra taxtni o‘g‘illaridan biri egallashi kerakligiga qaramay, qizi Roziyani taxtning rasmiy vorisi etib tayinlaydi. Aynan shu voqeadan boshlab Dehli sultonligi tarixida yangi sahifa ochiladi, biroq bu sahifa juda fojiali tarzda yakunlanadi.
Tashqi siyosatdagi yutuqlari bilan shuhrat qozongan Sulton Eltutmish nafaqat mamlakatga xizmat qilishga, balki farzandlarining tarbiyasiga ham alohida e’tibor qaratgan. Uning uch o‘g‘li va yagona qizi Roziya bolaligidanoq turli fanlarni o‘rganib, kamondan otish va harb ishi kabi ko‘plab mashg‘ulotlar bilan shug‘ullangan. Biroq akalaridan farqli o‘laroq, Roziya katta iqtidorga ega bo‘lib, yangiliklarga ko‘proq qiziqish bildirgan, turli sohalarda o‘z iste’dodini namoyon etgan va doimo otasining sevimli farzandi bo‘lib kelgan.
Qizi voyaga yetgach, Eltutmish uni ko‘pincha xizmat safarlariga va davlat uchrashuvlariga o‘zi bilan birga olib yurar, bundan tashqari, Dehlida bo‘lmagan paytlarida uni o‘zining o‘rinbosari etib tayinlardi. O‘sha paytda bunday holat hukmdorning yaqinlari va sultonlik fuqarolarini unchalik tashvishga solmasdi, chunki Eltutmish vafot etgandan so‘ng uning o‘rnini to‘ng‘ich o‘g‘li Nosiriddin Mahmud egallashi kutilardi.
Biroq ko‘p o‘tmay sultonning to‘ng‘ich merosxo‘ri vafot etadi, ammo Eltutmishning ikkinchi o‘g‘li otasining fikricha, davlatni boshqarish uchun yetarli qobiliyatga ega emas edi. Shu sababli 1236-yilda u hokimiyatni yagona qizi Roziyaga topshiradi. Bu qaror konservativ turk zodagonlariga yoqmaydi va sultonning xohishiga zid ravishda, Eltutmishning o‘g‘li Rukniddin Firuz yangi hukmdor etib tayinlanadi.
Otasi taxmin qilganidek, o‘g‘li davlatni boshqarolmasdi. U hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng ko‘p vaqt o‘tmay, mamlakatda tartibsizliklar va o‘zaro nizolar boshlanadi. Sultonlikning dushmanlari esa Dehlida avj olgan ichki ziddiyatlardan foydalanib qoladi. Bu voqealarda Rukniddin Firuzning onasi Shoh Turkon muhim rol o‘ynaydi. U o‘g‘lining mamlakatni boshqarishga layoqatsizligini tushunib, hokimiyatni o‘z qo‘liga olmoqchi bo‘ladi. Buning uchun u oddiy xalq orasida obro‘si oshib borayotgan Roziyadan qutulishi kerak edi.
Ammo Shoh Turkonning rejalari amalga oshmaydi — 1236-yil noyabrida Dehli aholisi Sulton Eltutmishning qizini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlaydi. Ular hozirgi hukmdorning boshqaruvi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini anglab yetgandi. Ko‘p o‘tmay, qiz davlatning qonuniy rahbari sifatida tan olinadi. Rukniddin Firuz esa onasi bilan birga qamoqxonalardan biriga surgun qilinib, keyinchalik qatl etiladi.
Roziya sulton (ayol o‘ziga taklif etilgan “sulton” unvonidan ataylab voz kechgan, chunki bu unvon hukmdorlarning xotinlariga berilardi) otasining siyosatini davom ettirmoqchi bo‘lgan, biroq nafaqat tashqi, balki ichki siyosatga ham e’tibor qaratishni istagan. Tarixchilarning baholashicha, Roziya ta’lim, tibbiyot, iqtisodiyot, fan va san’at sohalariga alohida e’tibor berish orqali mamlakatning farovonlik darajasini sezilarli tarzda yuksaltira olgan. Ba’zi tadqiqotchilar she’riyat, rassomchilik va teatrning fidoyi muxlisi bo‘lgan Roziyaning ma’rifatparvarlik faoliyatini juda yuqori baholaydi. Bundan tashqari, u ko‘plab qonli janglarsiz o‘z ta’sirini saqlab qolishga erishgan. Uning diplomatik iste’dodi tufayli aksariyat mojarolar (mamlakat ichida ham, tashqarisida ham) tinch yo‘l bilan hal etilgan.
Roziya sulton ijtimoiy va gender tengligi masalalariga alohida e’tibor qaratgan. U barcha aholi qatlamlari jins, yosh va daromadidan qat’i nazar, ijtimoiy imtiyozlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishiga intilgan. Bundan tashqari, u o‘z namunasi bilan ayollar har qanday sohada erkaklar bilan teng faoliyat yurita olishlarini isbotlagan. Masalan, Eltutmishning qizi taxtga o‘tirganida ilgari faqat erkaklar kiyadigan an’anaviy sulton libosini kiygan. Keyinchalik u muntazam ravishda erkaklar kiyimini kiyib yurgan, qurol-yarog‘ bilan xalq oldiga chiqqan, harbiy ishlarga shaxsan boshchilik qilgan, erkaklar bilan teng muloqot qilgan. Hatto u o‘z tasviri va “Ayollar tayanchi, davr malikasi, Sulton Roziya, Shamsuddin Eltutmishning qizi” degan yozuv tushirilgan tangalar zarb ettirgan.
Dehli aholisi adolatli va iste’dodli hukmdorni chin dildan sevishiga qaramay, Roziyaning dushmanlari ko‘p edi. Uning patriarxal tuzumning o‘rnatilgan qoidalarini buzishga intilishi konservativ musulmonlarni ranjitardi. Ular Roziyaning xatti-harakatlarini erkinlik va axloqsizlik deb baholashardi. Shuningdek, uning o‘z yaqinlarini davlat lavozimlariga tayinlash to‘g‘risidagi qarorlari ham ularning noroziligini keltirib chiqarardi, (masalan, Roziyaning o‘ng qo‘li uning yaqin do‘sti, asli habashistonlik bo‘lgan Jamoliddin Yoqut edi) zodagonlarning ko‘nglini to‘ldirmasdi.
Tez orada davlatda dushmanchilik kayfiyati kuchaya boshladi. 1240-yil aprelida Roziyaning yaqin a’yonlaridan biri Malik Ixtiyor-ud-din Altuniya Bhatindada (Panjob) isyon ko‘taradi. Hukmdor harbiy yurishga shaxsan boshchilik qilishga qaror qiladi. Biroq o‘z qo‘shinlarining xoinligiga duch kelib, asirga tushadi va qattiq nazorat ostida saqlanishi uchun Tabarhind qal’asiga surgun qilinadi. Malik Ixtiyor-ud-din Altuniya hokimiyatni qo‘lga kirita olmaydi. Buning o‘rniga Roziyaning ukalaridan biri Muiziddin Bahromshoh taxtga o‘tiradi. Uning nomzodini turk zodagonlari qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa davlat to‘ntarishini uyushtirgan kishini mutlaqo qoniqtirmaydi.

Mag‘lubiyatga uchragan Altuniya o‘z ahvolini anglab yetgach, Roziya qamalgan qal’aga borib, unga ittifoq tuzishni taklif etadi. Eltutmishning qizi, o‘z mamlakati farovonligi uchun jon kuydirgani bois xoinlik qilgan hamkorining taklifini qabul qiladi. Shundan so‘ng Malik Ixtiyor-ud-din Altuniya Roziyaga uylanadi va ular birgalikda hokimiyat uchun kurashish maqsadida ittifoqchilar izlashga kirishadilar.
Roziya katta obro‘ga egaligi va xalq orasida sevimli bo‘lganligi sababli, tez orada hozirgi sulton nomzodiga qarshi bo‘lgan bir nechta amirlar uni qo‘llab-quvvatlashga o‘tadi. Qo‘shin to‘plagan Roziya eri bilan birga Dehliga harbiy yurishni boshlaydi, biroq qo‘shinining bir qismi dushman bilan to‘qnashganda taslim bo‘ladi. Natijada Eltutmishning qizi va Malik Ixtiyor-ud-din Altuniya mag‘lubiyatga uchraydi hamda asir olinadi.
Roziya sultonning keyingi taqdiri noma’lum — bir rivoyatga ko‘ra, u eri bilan birga asirga tushganidan keyingi kuni qatl etilgan. Muiz ad-Din Bahromshoh malikaning ta’siri kuchayib borayotganidan xavotirlanib, Roziyaning qonuniy hokimiyatni qayta qo‘lga kiritishga urinishlarining oldini olish uchun uni darhol o‘ldirishga buyruq bergan, deb taxmin qilinadi. Biroq ayrim olimlarning fikricha, sobiq malika Dehlidagi aloqalaridan foydalanib qochishga muvaffaq bo‘lgan. Bu taxminga ko‘ra, Roziya qochgach mamlakat bo‘ylab sargardon kezib yurgan va bir kuni mahalliy aholidan birining uyiga kirib, ozgina ovqat so‘ragan. Kamtarona taomni yeb bo‘lgach, ayol charchoqdan holsizlanib uxlab qolgan. Uy egasi esa Roziyaning qimmatbaho kiyim va taqinchoqlar taqib olganini ko‘rib, uni o‘ldirgan va jasadini uyiga yaqin joyga ko‘mib tashlagan.
Har holda Roziya sulton o‘rta asrlar Hindiston tarixidagi eng mashhur hukmdorlardan biriga aylandi. To‘rt yildan kamroq hukmronlik davrida mamlakatning rivojlanishi va ravnaq topishiga ulkan hissa qo‘shdi. Bugungi kungacha tarixchilar va san’at ahli uning hayotini o‘rganishni davom ettirmoqda, uning yutuqlari va muvaffaqiyatlarini xotirlamoqda.
Izoh (0)