“Pari Sen-Jermen” bosh murabbiyi Luis Enrike Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati yarim finali doirasida Madridning “Real” klubiga qarshi kechgan bahsda qo‘lga kiritilgan yirik g‘alaba (4:0)dan so‘ng o‘yinga doir fikrlarini bildirib o‘tdi.

Matbuot anjumanida Enrike quyidagicha izoh berdi:
Telefonim “Barselona” muxlislarining xabarlari bilan to‘lib ketgan — bu holat o‘yinning naqadar muhimligini ko‘rsatadi. Sen klub ramzi uchun bor kuchingni berasan. Ayniqsa, raqib “Real” bo‘lsa, bu ishtiyoq ikki hissa oshadi.
Ularning qanday jamoaligi, qanday kuchga ega ekanini yaxshi bilamiz — ular har doim shunday bo‘lib qolishadi. Biz ortga chekinmadik, lekin jazirama issiq, uch kundan keyingi final va charchoq xavfini hisobga olib, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga majbur bo‘ldik.
Asosiy maqsad — finalda g‘alaba qozonish. Ammo hech qanday holatda to‘xtab qolmasligimiz kerak. Maqsadimizga juda yaqinmiz, tarix yozmoqchimiz, shundan keyin esa hordiq chiqaramiz, — deya Enrikening so‘zlarini keltiradi The Guardian.
Ma’lumot uchun, “PSJ” — “Real” bahsida parijliklar raqibga deyarli hech qanday imkon qoldirmay, ishonchli tarzda final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Endi ular hal qiluvchi bahsda Londonning “Chelsi” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Izoh (0)