Joriy yil yanvar—iyun oylarida poytaxtda issiq suv va issiqlik taʼminotidan ko‘rilgan zararni qoplash uchun davlat byudjetidan 1,3 trillion so‘m subsidiya berilgan. Bu haqda Veolia Energy Tashkent kompaniyasining moliyaviy masalalar bo‘yicha direktori Sevara Pardayeva jurnalistlar bilan muloqotda maʼlum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
-95RexvQA-0SfM5izY.avif)
Sevara Pardayevaning aytishicha, issiqlik korxonalari isteʼmolchilarga issiq suv va issiqlik taʼminotini pasaytirilgan narxda yetkazib bergani hisobiga ko‘rgan zararlar davlat byudjetidan subsidiya sifatida qoplanadi. Masalan, Toshkent shahrida bir gigakaloriya (Gkall) issiq suv narxi 664 ming so‘m. Aholi shundan 18 foizini to‘laydi, qolgan 82 foizi davlat byudjetidan qoplanadi.
“2025-yilning I yarim yilligida poytaxtda issiq suv va issiqlik taʼminoti uchun davlat tomonidan jami 1,3 trillion so‘m subsidiya ajratilgan. Shundan 1 trillion so‘mdan ortig‘i issiqlikka ketgan. Qolgan 300 milliard so‘m esa bo‘linadi. Mazkur mablag‘lardan bizga tegishli qismi ham, investitsion loyihalarga yo‘naltiriladigan tomoni ham bor”, dedi kompaniya masʼuli.
Sevara Pardayeva muloqot davomida tarmoq uchun uch turdagi subsidiya ajratilishini taʼkidladi.
“Birinchisi — issiqlikka ketadigan o‘zgaruvchan qism. Yaʼni faqat sotib olinadigan issiq suv uchun sarflanadigan subsidiya. U mablag‘ Veolia hisob raqamiga tushadi va birdaniga ishlab chiqaruvchiga o‘tkaziladi. Korxona hisobida qolmaydi. Ikkinchisi, xarajatlarga tegishli pullar bo‘lib, korxona ularni ishlata oladi va chiqimlar bo‘yicha hisobot beradi. Buni Hisob palatasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi nazorat qiladi. Nima uchun xarajat qilinayotgani doimiy tekshiriladi”, dedi u.
Kompaniya vakili uchinchi turdagi subsidiya investitsiyalar va kapital qurilishga ishlatiladigan mablag‘lar ekanini taʼkidladi. Misol uchun, Veolia korxonasining ayrim qozonxonalari shu turdagi subsidiyalar evaziga qurilgan.
Izoh (0)