Internetda “Kalmar o‘yini” serialidagi manzillar aslida mavjud bo‘lgani va loyiha nihoyatda dahshatli bo‘lgan real o‘yinlardan ilhomlangan, degan taxmin keng tarqaldi.

Internet foydalanuvchilaridan biri shunday yozdi:
“Kalmar o‘yini” 1986-yilda yuz bergan real voqealarga asoslangan. Bu esa Janubiy Koreyada joylashgan bunker suratlari bo‘lib, odamlar u yerda tirik qolish uchun bir nechta o‘yindan o‘tishlari kerak bo‘lgan. Uni tashkil etgan insonlar esa hanuzgacha topilmagan”.
Suratlarga qarasangiz, xonalar serialdagi sahnalarga juda o‘xshab ketadi. Xo‘sh, aslida bu qanday joy? U “Kalmar o‘yini” bilan qanchalik bog‘liq?


Suratlarda aks etgan joy — Janubiy Koreyada ilgari faoliyat yuritgan “Birodarlar boshpanasi” (형제복지원) bo‘lib, Pusan shahri yaqinida joylashgan va 1975-yildan 1987-yilgacha faoliyat yuritgan yirik ijtimoiy markaz bo‘lgan.
U dastlab uysizlar, yetim bolalar va muhtoj kishilarni joylashtirish, ularga panoh va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. Bu turdagi muassasalar Koreya hukumati tomonidan o‘sha davrdagi iqtisodiy o‘sish va xalqaro imijni yaxshilash siyosatining bir qismi sifatida qo‘llab-quvvatlangan. Ayniqsa, Seul Olimpiadasi (1988) arafasida ko‘chalardagi “tartibsizlik”ni bartaraf etish va shaharni “tozalash” uchun shunday markazlarga ehtiyoj kuchaygan.
Ammo vaqt o‘tishi bilan “Birodarlar boshpanasi” asl maqsadidan butunlay chetga chiqdi. Bu joy qat’iy nazorat ostidagi yopiq muassasaga aylangan bo‘lib, minglab odamlar sud qarorisiz ushlab turildi, majburiy mehnatga jalb etildi, zo‘ravonlik va qiynoqlarga duchor bo‘lishdi. Ko‘chalardan oddiy fuqarolar, talabalar va bolalar ham olib ketilib, yillar davomida ozodlikdan mahrum qilindi.


1987-yilda bir necha mahbuslar qochib chiqib, bu haqda ommaga ma’lumot berishi ortidan muassasa yopilgan. Boshqaruvchi Park In Gun esa faqat moliyaviy qonunbuzarliklar uchun jazolangan, qiynoqlar va o‘limlar uchun javobgarlikka tortilmagan.
Pusandagi “Birodarlar boshpanasi” shunday o‘nlab muassasalardan eng kattasi bo‘lib, bir vaqtda 3500 nafar odam saqlangan. Pusan prokuraturasining surishtiruviga ko‘ra, bu yerga kelib qolganlarning atigi 10 foizi chinakamiga uysiz bo‘lgan. Qolganlar esa ko‘chalardan majburan olib ketilgan va muassasaga joylashtirilgan. Bunday “boshpanalar”ni yuritayotgan shaxslar davlatdan katta subsidiyalar olgan, biroq bu mablag‘lar asosan muassasa rahbarlari cho‘ntagiga ketgan, odamlar esa ochlikda, qiynoqlarda va majburiy mehnatda yashashga majbur bo‘lgan.

Al Jazeera manbasidan ayrim dahshatli faktlar:
Dastlabki kunlarda mahbuslar chodirlarda yotgan, keyinchalik o‘zlari uchun beton inshootlar qurishga majburlangan;
Mahbuslar doimiy ochlikda saqlangan, do‘pposlangan, zo‘rlangan;
Ular og‘ir mehnatga jalb etilgan, lekin buning uchun ularga hech qanday haq to‘lanmagan;
Hatto bolalar ham bu “qullik tizimi”ga tushib qolgan.
Guvohlarning hikoyalari:
En Sengmo, 15 yoshida olib ketilib, to‘rt yilga qamab qo‘yilgan:
“Agar biz belgilangan mehnat rejasini bajarmasak, beysbol tayoqlari bilan kaltaklashardi”.
Chxve, 14 yoshli bola, buvisi bilan birga tinchgina yashab yurgan, biroq uni ham zo‘rlik bilan olib ketishgan:
“Bir erkak: Nega biz bu yerda turibmiz? Nega bu qiynoqlarga chidayapmiz? Uyga jo‘natinglar bizni!, deb norozilik bildirgan edi, uni adyolga o‘rashdi va vahshiylarcha kaltaklashdi. So‘ng u qaytib kelmadi. Ishonchim komilki, erkak o‘sha yerning o‘zida halok bo‘lgandi”.
Pak Sunxi, 10 yoshida olib ketilgan va 16 yoshigacha ushlab turilgan:
“Meni do‘pposlashdi, zo‘rlashdi. Aslida hech qanday jinoyat qilmagan edim, lekin menga raqamli forma kiydirishdi. ‘Birodarlar boshpanasi’ tanamizda ham, xotiralarimizda ham iz qoldirdi. Bu jarohatlar butun hayotim davomida meni tark etmaydi”.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, muassasada kamida 551 kishi halok bo‘lgan, biroq ko‘pchilik asl qurbonlar soni bundan ancha ko‘p bo‘lganini taxmin qilmoqda.
“Birodarlar boshpanasi”ning “Kalmar o‘yini” bilan bog‘liqligi bormi?

Serialda ham ishtirokchilar (odatda moliyaviy muammolari bor odamlar) ko‘chadan tanlab olinadi, ularning shaxsiyati yashiriladi, raqamli formalar beriladi va qatʼiy tartib-qoida asosida omon qolish uchun o‘yinlarda qatnashishga majbur bo‘ladi. Ushbu tafsilotlar real hayotdagi “Birodarlar boshpanasi”dagi voqealarga o‘xshab ketadi.
Biroq serial muallifi Xvan Don Xyok 2021-yil sentyabr oyida bergan intervyusida quyidagilarni bayon qilgan:
Men yapon komikslari va anime mahsulotlaridan, xususan “Qirollik jangi” va “Yolg‘onchilar o‘yini”dan ilhomlanganman. O‘zim ham moliyaviy muammolarga ko‘p duch kelganman. Shu sababli zamonaviy kapitalistik jamiyatdagi tengsizlik va kuchli raqobat haqida allegorik hikoya yozmoqchi bo‘ldim. O‘yinlar oddiy, shu sababli tomoshabin vaqtini o‘yin qoidalarini tushunishga emas, insonlar hayotini kuzatishga sarf qiladi, degan rejissyor.

The Guardian nashriga bergan boshqa intervyusida rejissyor 2009-yildagi og‘ir hayoti haqida so‘zlab bergan. O‘sha davrda onasi ishdan bo‘shatilgan, o‘zi esa loyihalariga homiy topa olmagan. Shu sababli oilasi omon qolish uchun kredit qarzlari olgan.
“Agar bunday o‘yin haqiqatda bo‘lganida, balki men ham oilam uchun qatnashishni o‘ylab ko‘rgan bo‘larmidim”, deydi u.
Shuningdek, serial bosh qahramonining tarixi 2009-yilda SsangYong Motor avtomobil kompaniyasida 2000 nafardan ortiq ishchilarning ommaviy ishdan bo‘shatilishi bilan bog‘liq. Muallif ushbu holat orqali o‘rta sinf vakilining birdan moliyaviy inqirozga uchrashiga bir baxya qolishi mumkinlgini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.
Internetda tarqalgan suratlar yolg‘on bo‘lib chiqdi
Tarmoqlarda keng yoyilgan “bunker” suratlari keyinchalik yolg‘on ekani ma’lum bo‘ldi. The Korea Times nashri ushbu suratlarni fosh qildi. Aslida bu fotolar sun’iy intellekt yordamida turkiyalik rassom @cityhermitai tomonidan yaratilgan. Ammo rassom ishlarining bunday yolg‘on kontekstda tarqatilishiga rozi bo‘lmagan.
Ba’zi foydalanuvchilar esa ushbu AI suratlari orasiga haqiqiy “Birodarlar boshpanasi” arxiv fotosuratlari aralashtirilgani bois haqiqatni yolg‘ondan ajrata olmagan.
Izoh (0)