Rossiya prezidenti Vladimir Putin jamoat joylaridagi belgi, ko‘rsatkich, ma’lumot peshtaxtalari va boshqa vizual axborot vositalarida xorijiy so‘zlardan foydalanishni taqiqlovchi qonun chiqardi. Bu haqda Moscow Times xabar berdi.

Ushbu qaror matni Qonun hujjatlari rasmiy portalida e’lon qilingan. Yangi qoidalar 2026-yil 1-martdan kuchga kirishi aytilgan. Qonun “rus tilini davlat tili sifatida himoya qilish”, xorijiy tillardan o‘zlashtirish darajasini pasaytirish va “zamonaviy adabiy til me’yorlari”ga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan.
Hujjatga ko‘ra, iste’molchilarga yo‘naltirilgan barcha ma’lumotlar - reklama, peshtaxta, lavha, va boshqalar faqat rus tilida taqdim etilishi kerak. Xorijiy “sale”, “shop” kabi so‘z va iboralardan foydalanish taqiqlanadi. Axborotni xorijiy tillarga tarjima qilishga faqat ma’no vizual dizaynga to‘liq mos kelsa, ruxsat beriladi.
Shuningdek, turar joy majmualari va boshqa obyektlarga chet-el nomlarini berishga taqiq kiritilmoqda. Bunday nomlarning barchasi kirill alifbosida yozilishi kerak. Biroq qonun firma nomlari, tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Chunki ularning asl talaffuzi saqlanib qolishi lozim.
Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin avvalroq ushbu qonunni “rus tilini himoya qilishdagi birinchi jiddiy qadam” deb atagan. U bu ko‘chalarda xorijiy yozuvlar sonini sezilarli darajada kamaytirishini aytgan.
Putin 5-iyun kuni “vulgar va mexanik o‘zlashmalardan” xalos bo‘lishga chaqirgandi. Unga ko‘ra, o‘zlashmalar tilni boyitmaydi, balki uning ma’nosini buzadi. Shuningdek, prezident jamoat joylarida lotin va boshqa harflar o‘rniga kirill alifbosidan keng foydalanish zarurligini ta’kidlagandi.
Izoh (0)