O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar banklarda hisobraqamlari va bank kartalarini ochishi bo‘yicha talablar ishlab chiqiladi. Bu haqda “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, banklar ota-onalarni ularning voyaga yetmagan farzandlari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalar haqida xabardor qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yadi. Ichki ishlar organlari mas’ul bo‘linmalari so‘roviga asosan shubhali pul o‘tkazma amaliyotlariga aloqador bank kartalari tezkorlik bilan bloklanadi.
Banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan o‘zining mobil ilovalariga antivirus himoya tizimlarini o‘rnatish hamda foydalanuvchi qurilmasida zararli dasturlar belgilari mavjudligi aniqlanganda ularni ogohlantirish amaliyoti joriy etiladi.
Tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov davomida sodir etilgan kiberjinoyatlar yuzasidan kiberxavfsizlik talablariga rioya qilingani bo‘yicha xulosa “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tomonidan beriladi.
Shuningdek, Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishga va raqamli tergovga ko‘maklashish markazi tashkil etiladi. Kiberjinoyatlarni fosh etish, ularni tergov qilish amaliyotidagi mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish markazning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
Hujjatda belgilanishicha, kiberjinoyatlarni fosh etishda Markaziy bank, to‘lov tizimi va IIO vakillaridan iborat tezkor guruh faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Banklar, to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmagani natijasida yo‘l qo‘yilgan kiberjinoyat oqibatida kelib chiqqan moddiy zararni ular hisobidan undirish tartibini joriy etish belgilandi.
Izoh (0)