Noodatiy qo‘shiqlari va taxallusi bilan tanilgan xonanda Kaniza bu yil 40 yoshni qarshiladi. Asl ismi Shahrizoda Ahmedova bo‘lgan Kaniza o‘ziga buvisining ismini taxallus qilib tanlagan. Doim muhokamalar markazida bo‘luvchi, ijtimoiy tarmoqlarni “yondiruvchi” xonandaning ijodi bugunga kelib biroz sokinlashgan. Kaniza haqida gap ketganda ko‘pchilik kuzatuvchilar uni ochiq kiyimlariga tanqid, litsenziya muammosi va turli janjallar bilan yodga oladi.
“Menda san’atkorlarning qoni oqadi”
Bolaligidan san’at muhitida ulg‘aygan Kanizaning bobosi taniqli aktyor va xonanda edi. Xonandaning o‘zi san’atga kirib kelishini tomirida san’atkorlar qoni oqishi bilan izohlaydi.

— Tomirimda san’atkorlar qoni oqadi. Bobom O‘zbekiston xalq artisti Murodjon Ahmedov. Bobomning turmush o‘rtog‘i, ya’ni buvimning ismi — Kanizani o‘zimga taxallus qilib olganman. Bolaligimda sanoqli san’atkorlar bo‘lgan paytda, ko‘pining qo‘shiqlariga havas qilardim. Hayotda shu inson qanday ekan deb qiziqardim. Sahnaning ortida san’atkorning xulqi, gap-so‘zi boshqacha bo‘ladi. Yoshligimdan Nasiba Abdullayevaning qo‘shiqlarini judayam yaxshi ko‘rib tinglaganman. O‘zini tutishi, muxlislariga borini berishi menga yoqardi. Nasiba opa bilan duet ham kuylaganmiz. U kishini bemalol ustozim, yaqin opam, jigarim deyman. O‘ylaganimdan ham ziyoli inson ekan. O‘zimni ko‘p ustoz ko‘rgan san’atkorlardan biri, deb ayta olaman. Munojot Yo‘lchiyevaning qo‘lida ham san’atdan tahsil olganman, deydi Kaniza.
Ma’lumot uchun, Kaniza — forscha ism bo‘lib, jasur, dovyurak, shaddod qiz maʼnosini anglatadi.
“Xonandalikdan tashqari filmlarda ham suratga tushganman”
Farg‘onaning Qo‘qon shahrida tug‘ilgan xonanda kasb-hunar kollejiga kirish maqsadida Toshkentga kelgan va shu yerda ijodini boshlagan.

— 2001-yilda u Toshkentdagi Benkov nomidagi rassomchilik kollejining “Milliy liboslar dizayni” fakultetiga o‘qishga kirib, 20024-yilda modelyer-dizayner diplomini olganman. O‘qishni tugatgach musiqaga qiziqishim ortgan va 2006-yildan yakkaxon tarzda ijodimni boshlaganman. Otabek Mutalxo‘jayevning bir necha kliplarida suratga tushganman. 2009-yilda yosh iste’dodlar uchun ta’sis etilgan “Nihol” mukofoti bilan taqdirlanib, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasiga imtihonsiz qabul qilinganman.
Xonandalikdan tashqari o‘zimni aktrisalikda ham sinab ko‘rib, “Sehrli uzuk” filmida Farangiz rolini ijro etganman. Ammo hozir yuragim jiz etadigan ssenariy yo‘q, shu sababli ham kinoda yo‘qman, deydi u.
“Tana rangida shim kiyganim sabab litsenziyam to‘xtatildi”
Kanizaning kiyimlari doim tanqidlarga uchrab kelgan. Bundan bir yil avval xonandaning to‘yga juda kalta ko‘ylakda borgani tasvirlangan videolar tarqalgandi.

— Men shu vaqtgacha qonunga bo‘ysungan holda, undan chiqib ketmagan holatda kiyinib kelganman. Avangard, ya’ni noodatiy stilda kiyinaman. Bir to‘yga tana rangida shim kiyib borgandim. Lekin odamlar “Kaniza to‘yga ishtonsiz keldi”, deb video olib, tarqatib yubordi. Shundan so‘ng “O‘zbeknavo”dan qo‘ng‘iroq qilib, izoh so‘rashdi. Keyin videomurojaat qilib, o‘sha kiyimlarimni ko‘rsatib, “aql-farosatim joyida, ishtonsiz borganim yo‘q”, deya post qoldirdim. Keyinroq bir telekanal hindcha teleshouga taklif qildi. U yerda tana rangiga o‘xshatib kiyim kiydim, raqslarini ham “yordim”. Sovuq joyda suratga olganimiz uchun shundan keyin isitmalab, yotib qoldim. Syomka vaqtida telekanalning o‘zi ham, suratga olish guruhidagilar ham meni videoga olib, go‘yoki men ochiq sochiq kiyingandek tarqatishgan ekan. “O‘zbeknavo”dan qo‘ng‘iroq qilib, majlis bo‘lishi aytildi, men borolmasligimni aytdim. Madaniyat vazirining o‘rinbosarlaridan biri odob-axloq haqida shunaqangi gapiryapti-ki, odamning ortidan sen kimsan o‘zi deya men haqimda juda yomon gaplar gapirgan. Litsenziyam olib qo‘yilgani haqida gapiryapti, ammo o‘zida odob-axloq qani? Advokatim, yuristim bilan ularning oldiga bordim. Qaysi qonunga asoslanib litsenziyam to‘xtatilgani haqida savol berishsa, ular tog‘dan-bog‘dan kelib, tayinli javob berolmay qoldi, deydi achchiqlanib Kaniza.
“Ko‘rmoqchi bo‘lgan odam Shakira yoki Jennifer Lopezni ham ko‘rib olaveradi”
Kaniza faqat u emas, balki boshqa san‘at vakillari ham ochiq kiyinishini aytib, lekin faqat uning litsenziyasi bekor qilinganidan achchiqlandi.

— Nega faqat men jazolandim, mendan battarlari ham tiqilib yotibdi-ku. Kerak bo‘lsa, “Million”ning fahshga targ‘ib qiluvchi sahnalari bor. Ular shundoq yopilib ketadimi? Ular necha kun konsert beradi-yu, uni necha ming odam tomosha qiladi?! Umuman olganda, odamning o‘zi o‘zini tiyishni bilishi kerak. Oilasida qanday tarbiya berilsa, hammasi shunga bog‘liq. Men bir kuni o‘tib ketaman, balki shou-biznes ham tugab ketar. Ammo internet rivojlangandan rivojlanyapti. Odam o‘zi istagan paytda telefon yoki televizordan xohlagan narsasini ko‘rib olishi mumkin. Shakirani ham, ochiq-sochiq Jennifer Lopezni ham ko‘radi. Oldin san’atkorlar ijod qilishdan qo‘rqmasdi. Hozir hamma bachkana, komediya yoki drama janridagi kliplar suratga oladi. Klipmyerker va rejissyorlar xalq shundan boshqa narsani qabul qilmaydi, deydi. Milliy san’atning opera emas, aynan shou-biznes estradasida rivojlanish yo‘q, deydi xonanda.
Keyinchalik Kaniza litsenziyasini qaytarib olgani aks etgan suratni obunachilariga ko‘rsatdi.
Kanizani haqorat qilgan kuzatuvchi jarimaga tortilgan
Xonanda Kaniza ham hamisha muhokamalar markazi bo‘ladi. U ham boshqa shou-biznes vakillari kabi ijtimoiy tarmoqlarda juda faol. Hozirda u Instagram sahifasida ikki millionga yaqin obunachiga ega. Ijtimoiy tarmoqlarda turli negativ va haqoratlardan charchagan xonanda o‘tgan yili Instagram’dagi kuzatuvchisi bilan sudlashdi.

— Biz demokratik davlatda yashaymiz, mamlakatimizda raqs tushish ta’qiqlanmagan. O‘z millatdoshim bilan sudlashish menga ham yoqmaydi. Ammo hech qanday sababsiz haqorat eshitgandan keyin har qanday odamning asabi buziladi. Men musulmonman, o‘zbekman deb ko‘krak kerayotgan erkak nahotki bir ayolni haqorat qilish mumkin emasligini tushunmasa, deydi Kaniza.
Instagram foydalanuvchisi Kanizaning sahifasiga kirib, videolarining biri izohida uni “haromisan” deya haqorat qilgan. Xonanda uni sudga bergan va Instagram kuzatuvchisi Maʼmuriy kodeksning 41-moddasi bilan aybdor deb topilib, bazaviy hisoblashning 20 baravari, yaʼni 68 million so‘m jarima qo‘llanilgan Kaniza bu sud ishi orqali boshqa negativlar ham o‘zlariga tegishli xulosa chiqarib olishi keraklini aytgan.
Xonandaning rang-barang ijodi

Kanizaning ijodidagi qo‘shiqlar mavzusi turlicha. U ko‘proq muxlislari yuziga tabassum ulashuvchi mavzularda kuylaydi. Ijodining ilk yillaridagi “tog‘asi, ammasi, xolasi” haqida “Hammasigayam” qo‘shig‘i uning tashrif qog‘oziga aylangan. Keyinchalik Kaniza “Hoji aka”, Luiza Rasulova bilan birgalikda “Lilla”, “Jurnalistlar”, “Shaqillama” kabi qo‘shiqlar kuylab, 2017-yilda Alisher Uzoqov rejissyorligida “Malina” qo‘shig‘iga klip suratga olgan.
Kaniza farzandli bo‘lgach, plastik jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi
2022-yilning may oyida xonanda Kaniza Instagram sahifasiga kelin ko‘ylakdagi suratlarini joylab, yetti yillik sinovlardan so‘ng sevgan insoni bilan oila qurganini oshkor etdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay u homilador ekanini ma’lum qilgandi.

— Homiladorlikning ilk oylarida biroz qiynaldim. Ammo ko‘p o‘tmay toksikoz asoratlari yo‘qoldi. U paytda to‘y-xizmatlariga ham kamroq borishga harakat qildim. Hozir homiladorlikning 5 oyidan o‘tdim. Ammo hammasi joyida. Piyoda surishni va yengil jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishni kanda qilayotganim yo‘q, degandi xonanda homiladorlik davrida.
-0RWE_ULC.avif)
Kaniza 2022-yilning so‘nggi oylarida qiz farzandli bo‘ldi va qizalog‘iga Aisha deb ism qo‘ydi. Farzandli bo‘lganidan bir oy o‘tib esa plastik jarrohlik amaliyotini boshdan kechirganini ma’lum qildi.
Kaniza o‘tgan yili aprel oyida Makka shahriga borib, muqaddas Umra amalini ado etib keldi. U safar chog‘ida tushgan suratlarini sahifasiga joylab, “Ruhimni dam oldiryapman”, degan.

Izoh (0)