Qirg‘iziston “Tolibon” harakatini respublika hududida faoliyati taqiqlangan terroristik va ekstremistik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi. Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi mazkur qarorni olqishladi.
Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi 2-sentyabr kuni respublikada taqiqlangan tashkilotlarning yangilangan ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatda “Tolibon” harakati o‘rin olmagan.
“Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘izistonning “Tolibon” harakatini taqiqlangan guruhlar ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi qarorini yuqori baholaydi va olqishlaydi. Qirg‘izistonning boshqa davlatlar harakatlari bilan uyg‘un holda qo‘ygan bu qadami, Afg‘onistonning ham mintaqaviy, ham xalqaro miqyosda ortib borayotgan siyosiy e’tirofini anglatadi. Shuningdek, u Afg‘oniston va boshqa davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etadi”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Iyun oyida qo‘shni Qozog‘iston “Tolibon” harakatini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqargandi. Respublika rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev bunga “zamonaviy Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi va bu rejim uzoq muddatli omil” ekanini sabab qilib keltirgandi.
Rossiyada ham “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar qatoridan chiqarish muhokama qilinmoqda. Rossiya Adliya va Tashqi ishlar vazirliklari prezident Vladimir Putinga tegishli murojaatnoma yo‘llagan. Moskva “Tolibon” tomonidan inklyuziv hukumat o‘rnatishni talab qilib keladi. Mamlakatdagi barcha etnik guruhlar hamkorligidagi boshqaruv joriy etilishini rag‘batlantiradi.
Izoh (0)