“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tkazilayotgan mustaqillikning 33 yilligiga bag‘ishlangan bayram shodiyonasida Yangi O‘zbekistonni barpo etishda asosiy e’tibor qaratilayotgan 5 ta yo‘nalish aytildi.
Prezident matbuot kotibining ma’lum qilishicha, Bular: sifatli ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, biznesni rivojlantirish, korrupsiyadan holi, adolatli sud tizimini yaratish, sog‘liqni saqlash sohasini tubdan yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta’minlash.
“Muammolarimizning yechimi, savollarimizning javobi faqat va faqat ta’limda. Hamma eshiklarni ochadigan kalit ham – faqat va faqat ta’lim va tarbiyadir. Shu sababli maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha katta dastur qabul qildik.
Maktablarimizda avvalo ona tili va adabiyotini chuqur o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Farzandlarimizga chet tillaridan sifatli ta’lim berish maqsadida xorijiy til egalarini olib kelmoqdamiz.
Maktab o‘quvchilari jahondagi ilg‘or tajribalar asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanmoqda”, — dedi prezident.
Tadbirda davlat rahbari O‘zbekistonning barcha yoshlariga murojaat qildi.
“Qadrli o‘g‘il-qizlarim, mamlakatimiz istiqboli, barcha ezgu niyatlarimiz ijobatini biz avvalo sizlarning timsolingizda ko‘ramiz.
Kelajakda turli sohalarda ulkan yutuq va zafarlarga erishib, yurtimizni dunyoga yanada keng tarannum etishingizni istaymiz.
Marrani baland oling, siz buyuk ishlarga qodirsiz!
Hamisha o‘z kuchingiz, qat’iyat va salohiyatingizga ishoning!
Davlatimiz, xalqimiz, Prezident sizlarni bu yo‘lda doimo qo‘llab-quvvatlaydi, har qanday yordamni ayamaydi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh (0)