Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida 119,3 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi, deb xabar bermoqda Prokuratura departamenti axborot xizmati.
Unga ko‘ra, holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning O‘rta Chirchiq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan. YTT “T.R”ga qarashli ishlab chiqarish sexida fuqaro S.J. tijorat maqsadida 3 ta alyumin eritish qozonlarini o‘rta bosimli aholi gaz tarmog‘iga qo‘lbola gaz so‘rg‘ich moslamasi yordamida yashirincha ulab, 119,3 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 214,7 million so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)