Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 24-iyul kuni AQSH Kongressining qo‘shma majlisida nutq so‘zlab, Vashington hukumatini Yaqin Sharq hududida NATOga o‘xshash ittifoq shakllantirishga chaqirgan. Bu haqda bosh vazirning so‘zlaridan iqtibos keltirgan holda LeoHohmann manbasi xabar berdi.
Kongressdagi nutqi davomida Netanyaxu HAMAS ustidan “to‘liq g‘alaba qozonish”ga vaʼda bergan. Ayni paytda Oq uy rahbariyatini Isroilning Yaqin Sharqdagi “asosiy dushmani” bo‘lgan Eron masalasi bilan shug‘ullanadigan yangi ko‘p millatli harbiy ittifoq tuzishga chaqirgan.
Netanyaxuning AQSHdagi nutqini tahlil qilgan siyosatchilar unda HAMAS bilan kelishishga xayrixohlik alomatlarini kuzatmagan. Aksincha, AQSHning hujumni to‘xtatishga chaqiriqlari besamar ketgani, Isroil harbiy kampaniyadan voz kechmoqchi emasligi taʼkidlangan.
Isroil bosh vazirining nutqini Respublikachilar partiyasi qarsaklar bilan qarshi olgan. Demokratlar esa nutq davomida sokinlik va loqaydlik ko‘rsatgan.
Netanyaxuning taʼkidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Isroilning HAMAS va Livandagi “Hizbulloh” kabi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlarga qarshi kurashidan umumiy manfaatdor. Shu boisdan ham ummon orti mamlakati Isroilni mudofaa qilish uchun yangi tashkilot tuzishi kerak.
Isroil rahbari Qo‘shma Shtatlarni va Isroil uchun Yaqin Sharqda NATOga o‘xshash yangi harbiy ittifoq tuzish o‘ta muhim ekanini takror va takror aytgan. Bu ittifoq “Eron tahdidi” ga qarshi turishi, mintaqada G‘arbning taʼsiri oshishiga xizmat qilishi aytilgan.
Manbada keltirilishicha, NATO allaqachon Iordaniyada Yaqin Sharq bilan aloqalar bo‘yicha birinchi ofisini ochishini eʼlon qilgan. Bu voqea ko‘plab musulmon mamlakatlarini g‘azablantirgan, chunki ular NATO ofisi ochilishini G‘arb kuchlarining mintaqada yanada kengayishi deb biladi.
Izoh (0)