Surxondaryo viloyatida YPX xodimining qonuniy talablarini bajarmasdan, uni haqorat qilgan aka-ukaga chora ko‘rildi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 26-iyun kuni Surxondaryo viloyati Denov tumanida ikki nafar aka-uka xizmatga jalb etilgan YPX xodimining qonuniy talabini bajarmay, qasddan huquqbuzarlik sodir etgan.
Shu kunning o‘zida olib borilgan tezkor choralar natijasida huquqbuzarlar IIBga olib kelingan va ularning harakatiga nisbatan to‘plangan hujjatlar sudga taqdim etilgan.
Sud qarori bilan aka-uka Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (mayda bezorilik), 194- (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik), 135-moddalarida (yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil mart boshlarida Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida ichki ishlar organi xodimining ovqatlanib o‘tirgan joyiga bostirib kirib, tasvirga olgan va ijtimoiy tarmoqlarga tarqatganlarga chora ko‘rilgandi. Shuningdek, aprel oyida Toshkentda ichki ishlar xodimini o‘ldirib, yoqib yuborgan 3 erkakka hukm o‘qilgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.
Izoh (0)