O‘zbekistonda Chevrolet Lacetti ishlab chiqarish to‘xtatilmagani, yaqin kunlarda avtomobil uchun yana shartnoma berilishi yoki berilmasligi oydinlashishi xabar qilindi.
“O‘zavtosanoat” matbuot xizmatining “Kun.uz”ga maʼlum qilishicha, Lacetti ishlab chiqarish davom etmoqda. Buning uchun kerakli ehtiyot qismlari hali ham zavodlarda mavjud.
Lacetti ishlab chiqarish qachongacha davom etishini aniq ayta olmayman. Bu birdaniga to‘xtamaydi. Yaqin 7 kun ichida xaridorlarga yana shartnoma berilishi yoki berilmasligi oydinlashadi, – degan manba.
UzAutoMotors so‘nggi marta 2024-yil 21-may kuni hech qanday eʼlonsiz 3 600 ta Chevrolet Lacetti avtomobillari uchun shartnomalar tuzgandi.
Avvalroq 8-may kuni (7-mayda eʼlon berilgan) avvalgi avtomobillar xaridi uchun tuzilgan shartnomalardan chiqarilgan hajmlardan 4 500 dona Lacetti’ga shartnoma bergan.
O‘tgan yili dekabrda kompaniya 2024-yildan boshlab Lacetti ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatishini bildirgan. Bunga sabab sifatida mazkur rusumdagi avtomobil uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar ishlab chiqarish quvvatlari yangi modellarga yo‘naltirilishi keltirilgan.
Statistika agentligi xabariga ko‘ra, 2024-yil yanvar–aprel oylarida UzAutoMotors 10 954 dona Lacetti ishlab chiqargan.
“Chevrolet.uz” saytida Lacetti avtomobilining ikkita pozitsiyasi narxlari ko‘rsatilgan. Saytda Lacetti L–Style AT Plus pozitsiyasining sotuvdagi narxi –169 million 118 ming so‘m, Lacetti GN–Elegant AT esa 168 million 342 so‘m ekanini ko‘rish mumkin.
Izoh (0)