Madridning “Real” klubi Tibo Kurtuaning o‘rnini bosa oladigan darvozabon qidirmoqda. Andrey Luninning shartnomasi bilan bog‘liq vaziyatni inobatga olgan madridliklar e’tiborini Turkiya Superligasi klubi “Trabzonspor” darvozaboni Onuralp Chevikkanga qaratdi.
Joriy mavsumda “Real Madrid”da darvozabonlik vazifasini Andrey Lunin va Kepa Arrizabalaga bajarmoqda, Tibo Kurtua esa jarohatlar tufayli maydonga tushmayapti. Biroq aynan belgiyalik darvozabon Madrid klubining keyingi mavsumlar uchun asosiy darvozaboni bo‘lib qolmoqda.
Planeta Real Madrid xabariga ko‘ra, ispan grandi Kurtuaning yoshini (31) inobatga olib, uning o‘rniga darvozabon izlamoqda. Lunin bu imkoniyatga ega bo‘lishi mumkin, ammo uning shartnomasi 2025-yilning yozida tugaydi va klub hali ham shartnomani uzaytirmagani darvozabonning kelajagini so‘roq ostiga qo‘ymoqda. Shu bilan birga, Kepa klubda qolish imkoniyatiga ega emas va yozda u “Chelsi”ga qaytadi.
“Real Madrid” o‘z e’tiborini “Trabzonspor”ning 18 yoshli darvozaboni Chevikkanga qaratdi. Manbaga ko‘ra, futbolchi turk klubining “olmos”iga aylanib, ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda.
Qayd etilishicha, madridliklar uni qo‘lga kiritish uchun imkoniyatga ega. Ushbu transfer tarkibni muvaffaqiyatli yoshartirish yo‘lidagi yana bir qadam sifatida ko'rilmoqda.
Izoh (0)