Futzal bo‘yicha Osiyo Kubogining chorak finalida O‘zbekiston terma jamoasi Vyetnamni mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Uchrashuvdan so‘ng terma jamoa bosh murabbiyi Xose Venansio Lopes ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Avvalo yarim finalga yo‘l olganimizdan juda xursandman. Vyetnam terma jamoasi va bosh murabbiy Diegoni yaxshi o‘yin ko‘rsatgani bilan tabriklayman. Uchrashuv ikki jamoa uchun ham og‘ir bo‘ldi. Ammo qiyinchiliklarga qaramasdan, o‘yinni nazorat qila oldik. Bahs yakunlanishiga 55 soniya qolganida g‘alaba golini urdik. Raqibda ham yetarlicha imkoniyatlar bo‘ldi, ayrim vaziyatlarda bizga omad kulib boqdi. Aytishim mumkinki, ushbu terma jamoa yarim finalda bo‘lishga haqli.
Jamoa mag‘lubiyatdan qanday chiqib ketgani haqida
To‘g‘risini aytsam, hech qanday alohida taktika ishlab chiqmadik, faqat himoyamizdagi ba’zi kamchiliklarni bartaraf etdik. Shuningdek, darvozabonimizga hujumlarga ko‘proq qo‘shilishi kerakligini aytdim. G‘alabaga sabab bo‘lgan yagona jihat bu — jamoaning ruhiy holatidir. Futzalchilarimiz qanday holatda bo‘lishmasin, doimo muvaffaqqiyat uchun kurashadilar.
Uchrashuvga tayyorgarlik va Eronga qarshi bahs haqida
Biz ushbu o‘yinga ruhiy jihatdan juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan edik. Bahs davomida ham aynan shu sabab g‘alaba qozondik. Hatto, gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin ham shogirdlarim o‘yinni xotirjam davom ettirishdi va nazoratni yo‘qotishmadi.
Eronga qarshi bahs juda qiyin va murakkab bo‘lishi aniq, biroq biz o‘z potensialimizga ishonamiz. Ularga qarshi o‘yindagi g‘alaba Jahon chempionati oldidan jamoamizga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi.
Xose Venansio Lopes, O‘zbekiston futzal terma jamoasi bosh murabbiyi
Eslatib o‘tamiz, yarim finalda O‘zbekiston Eronga qarshi bahs olib boradi.
Izoh (0)