Olti yildan buyon STG-3 rusumidagi ballonlar bilan jihozlangan 300 dan ortiq avtobus texnik sinovdan o‘tkazilmagan holda odam tashib kelmoqda. Bu haqda Senat axborot xizmati ma’lum qildi.
Aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-oktyabrdagi 815-sonli qaroriga muvofiq JV MAN Auto-Uzbekistan qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan MAN A 22 CNG rusumli avtobuslarga istisno tariqasida STG-3 rusumidagi gaz ballonlarini o‘rnatish va ulardan foydalanishga ruxsat berilgan.
Ushbu qarorda “O‘zavtosanoat” qoshida zamonaviy yuqori texnologiyali sinov laboratoriyasini tashkil etish, keyinchalik ularni zarur uskunalar bilan jihozlash va STG-3 (LNG-3) rusumidagi gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan akkreditatsiyadan o‘tkazish belgilangan.
Afsuski, hukumat qarorining ushbu talablari shu kunga qadar ijro etilmadi. Oqibatda STG-3 rusumidagi ballonlar bilan jihozlangan JV MAN Auto-Uzbekistan qo‘shma korxonada ishlab chiqarilgan 300 dan ortiq avtobusda 2018-yildan beri texnik sinovdan o‘tkazilmagan holda yo‘lovchi tashilmoqda.
Bu esa minglab, balki millionlab fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga real xavf tug‘dirmoqda. Mamlakatimizning turli hududlarida avtobus va boshqa transport vositalariga o‘rnatilgan gaz ballonlarining portlashi bilan bog‘liq sodir bo‘layotgan holatlar bunga yaqqol misoldir, — deyiladi Senat axborotida.
Qo‘shimcha qilinishicha, hukumatning 2023-yil 25-yanvardagi 28-son qaroriga muvofiq Xitoyda ishlab chiqarilgan STG-3 rusumli gaz ballonlari bilan jihozlangan avtobuslar istisno tariqasida xarid qilinishiga ruxsat berilgan va bugungi kunda mamlakatimiz ko‘chalarida ushbu avtobuslar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Avtobuslarda inson salomatligi va hayoti bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda yuqorida qayd etilgan avtobuslarga o‘rnatilgan STG-3 rusumli gaz ballonlarini ham texnik sinovdan o‘tkazish lozimligini inobatga olinib, Bosh vazirining o‘rinbosari Ochilboy Ramatovga senator so‘rovini yuborgan.
Izoh (0)