Qirg‘iziston olimlari kuchli zilzilalar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu haqda Vazirlar mahkamasi rahbari Oqilbek Japarov parlament yig‘ilishida ma’lum qildi.
Japarovga ko‘ra, olimlar xavfli hududlarni aniqlab, ularni o‘rganishmoqda.
“Qirg‘izistonda har yili 13 mingga yaqin seysmik tebranishlar sodir bo‘ladi. Biz nazoratni bo‘shashtirmasligimiz kerak”, — dedi u.
Vazirlar mahkamasi rahbari so‘nggi 100 yil ichida Qirg‘iziston hududida 7 balldan ortiq 10 dan ortiq zilzila sodir bo‘lganini aytdi. Ular Kemin, Sari-Qamish, Oloyda kuzatilgan.
“Dunyoda doim zilzilalar bo‘ladi. Masalan, 2-aprel kuni dunyo bo‘ylab 24 soat ichida 828 ta zilzila qayd etilgan. Oxirgi yetti kun ichida 6892 ta zilzila sodir bo‘ldi”, — dedi Japarov.
Shu munosabat bilan Vazirlar mahkamasi rahbari qurilishda eng zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, binolarning seysmik chidamliligini tekshirish dolzarb ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 4-mart kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida 5 magnitudali, Qirg‘izistonda esa 5,2 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi. Yer silkinishlarini poytaxt va Chuy viloyati aholisi his qilgandi. Shu kuni O‘zbekiston hududida ham 4,6 magnitudali zilzila qayd etilgan.