Rossiya prezidenti Vladimir Putin bahorgi muddatli harbiy xizmatga chaqiruvni boshlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Farmon huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.

Bahorgi muddatli harbiy xizmatga chaqiruv 1-apreldan boshlanadi. Farmonga ko‘ra, 1-iyulgacha 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, zaxirada turmagan 150 ming fuqaro muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi. Muddatli harbiy xizmatchilarni hududlardagi yig‘in punktlaridan qo‘shinlarga yuborish 15-apreldan boshlanadi.
Bu yilgi bahorgi muddatli harbiy xizmatga chaqiruv yangi qoidalar asosida o‘tkazilmoqda. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilish yoshining yuqori chegarasi 2024-yil 1-yanvardan boshlab 27 yoshdan 30 yoshga ko‘tarildi, quyi chegara esa o‘zgarishsiz qoldi. 2023-yil oxirigacha 27 yoshga to‘lganlar harbiy xizmatga chaqirilmaydi.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tash muddati tugagan askarlar, matroslar, serjantlar va kichik ofitserlar xizmatdan bo‘shatiladi.
Izoh (0)