Toshkent shahrida radioelektron vositalardan tegishli ruxsatnomalar rasmiylashtirmasdan foydalangan shaxs aniqlandi. Bu haqda “O‘zkomnazorat” matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi hamda Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahri hududida radiomonitoring tadbirlari o‘tkazilgan. Unda Mirzo Ulug‘bek tumani Asaka ko‘chasida joylashgan qurilish obyektida fuqaro G‘.M. tomonidan 2 ta radioelektron vositalardan (ratsiya) tegishli ruxsatnomalar rasmiylashtirmasdan foydalanib kelinayotganligi aniqlandi.
Bu bilan fuqaro tomonidan radioelektron vositalar yoki yuqori chastotali qurilmalardan foydalanishning belgilangan qoidalari hamda davlat standartlari, normalari va belgilangan tartibda o‘rnatilgan parametrlari talablari buzilgan.
Ushbu fuqaroga nisbatan MJtKning 152-moddasi 1-qismiga (radioelektron vositalar yoki yuqori chastotali qurilmalarni loyihalash, qurish (o‘rnatish) va ulardan foydalanishning belgilangan qoidalarini, radioayirboshlash va radiochastotalardan foydalanish qoidalarini buzish, radionurlanishning texnik reglamentlari yoki davlat standartlari, normalari va belgilangan tartibda o‘rnatilgan parametrlariga rioya etmaslik) asosan jazo chorasi qo‘llanildi.
Izoh (0)