Avstriya huquq-tartibot idoralari slovakiyalik hamkasblari bilan hamkorlikda 137 kg kokainni musodara qilish bo‘yicha operatsiya o‘tkazdi. Bu haqda Avstriya ichki ishlar vazirligi matbuot-relizida qayd qilindi.
“Xalqaro va milliy tergov organlarining hamkorligi tufayli tergovchilar 137 kg kokainni musodara qilish orqali tarixiy muvaffaqiyatga erishdilar”, — dedi Avstriya ichki ishlar vaziri Gerxard Karner.
Unga ko‘ra, qora bozorda bu partiyaning qiymati 14 million yevroga yetishi mumkin.
Gamburg portidagi bojxonachilar yog‘och materiallar solingan konteynerda kokain topdi. Yuk Bratislavaga jo‘natilgan bo‘lib, u Avstriya fuqarosi nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lgan. Avstriya va Slovakiya politsiyasining qo‘shma operatsiyasi natijasida Vena va uning atrofida yashovchi to‘rt nafar Serbiya fuqarosi hamda ularning besh nafar sherigi qo‘lga olindi, ulardan to‘rt nafari ham Bolqon respublikasi pasportiga ega.
Shuningdek, huquq-tartibot idoralari Avstriya poytaxtidan bir necha o‘nlab kilometr uzoqlikdagi Kottingbrunn qishlog‘ida yashirin laboratoriya mavjudligini ham aniqlagan.
Izoh (0)