Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIBB xodimlari hamkorligida Ahmad Yugnakiy ko‘chasida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda fuqaro O.F. va “G.G.” MCHJ masʼul shaxslari dori vositalarini noqonuniy muomalaga kiritish orqali daromad orttirishni ko‘zlab, ushbu MCHJga tegishli jami 26 ming dona “Natriy xlorid” nomli dori vositasini fuqaro A.R.ga 195 million so‘mga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Samarqand shahrida ko‘p qavatli uyda qalbaki dori vositalari ishlab chiqarayotgan yashirin sex aniqlangani, Toshkentdagi dorixonalarda qalbaki dori sotilayotgani maʼlum bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)