AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin qovug‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder xabar berdi.
Pentagon rahbari Uolter Rid Milliy harbiy tibbiy markazga ko‘rikdan o‘tish uchun yotqizilgan. Ostinning o‘rinbosari, shtab boshliqlarining birlashgan qo‘mitasi, Oq uy va Kongress vaziyatdan xabardor qilingan. AQSH mudofaa vaziri vakolatlarini vaqtincha o‘zining o‘rinbosari Ketlin Hiksga topshirgan.
2023-yil dekabr oyining boshlarida Ostinda prostata saratoni borligi aniqlangandi. 22-dekabr kuni umumiy narkoz ostida undan o‘simta olib tashlangan, shundan keyin u kasalxonadan chiqqan. Biroq, 2024-yil 1-yanvarda u asoratlar tufayli qayta kasalxonaga yotqizilgan, uning qorin sohasi, bel va oyoq qismida kuchli og‘riq kuzatilgan. O‘shanda Pentagon rahbarida siydik yo‘llarining infeksiyasi aniqlangan.
Vazir to‘rt kun intensiv terapiya bo‘limida bo‘lgan. O‘shanda Pentagon prezident Jo Bayden va uning administratsiyasini bu haqda xabardor qilmagan. Oq uy bundan faqat 4-yanvar kuni xabar topgan. 23-yanvar kuni Ostin jamoatchilikka ko‘rinish bergan. OAV u vazn yo‘qotgani va holdan toygan ko‘rinishda bo‘lganini qayd etgan.
Izoh (0)