Ijtimoiy tarmoqlarda quyoshdagi chaqnash sabab elektr va internetsiz qolish mumkinligi to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlar yuzasidan Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti olimlari ilmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, yaqin 3 kun ichida bizning kenglamalarda aloqa tizimlari va elektr taʼminotida uzilishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘rta va kuchli darajadagi geomagnit bo‘ronlar kutilmaydi. Quyosh shamolining kuchayishi ham kuzatilmaydi.
Biroq 7-fevraldan 9-fevralgacha davr oralig‘ida Quyoshning faol (dog‘ kuzatiladigan) sohalarida kuchsiz va o‘rtacha intensivlikdagi chaqnashlar sodir bo‘lishi ehtimoli bor. O‘rtacha quvvatli chaqnashlar shimoliy mintaqalarda radioaloqaning qisqa vaqt uzilishiga olib kelishi mumkin.
“Bizning maʼlumotlarga ko‘ra, sutka davomida geomagnit vaziyat tinch holatdan biroz kuchsiz g‘alayonlanishga o‘zgaradi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)