Ukrainada Turkiyaning Bayraktar dronlarini ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boshlandi. Turkiyaning Baykar kompaniyasi Ukrainada Bayraktar dronlarini ishlab chiqaradigan zavod qurishni boshladi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Xaluk Bayraktar Reuters’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Qurilishni yakunlash uchun taxminan 12 oy vaqt kerak, keyin esa ichki jarayonlarga, ya’ni jihozlash va tashkiliy qismga o‘tamiz. Ukrainadagi zavod katta, biz 500 ga yaqin odamni ishga yollashni rejalashtirmoqdamiz”, — deya tushuntirdi Xaluk Bayraktar.
Uning ta’kidlashicha, korxona yiliga taxminan 120 ta Bayraktar dronini ishlab chiqaradi. Bu TB2 yoki TB3 modellari bo‘lishi hali aniq emas. Reuters zavodda xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar haqida so‘raganida, Baykar bosh direktori “rejalar to‘liq amalga oshirilmoqda va buni hech narsa to‘xtata olmaydi” dedi.
“Baykar kompaniyasi TB2 yetkazib berish bo‘yicha 30 ta davlat, jumladan, Ukraina, Efiopiya, Liviya va Ozarbayjon bilan eksport shartnomalarini imzolagan”, — deyiladi xabarda.
2023-yil sentyabr oyida Bayraktar Ukrainadagi uchta loyihaga taxminan 100 million dollar sarmoya kiritishini eʼlon qildi. Gap zavod qurish, xizmat ko‘rsatish markazi va kompaniyaning ushbu mamlakatdagi bosh ofisini ta’minlash haqida ketgan. Shuningdek, Xaluk Bayraktar korxonani 2025-yilda ishga tushirishga va’da bergan edi.
Rossiya munosabati
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning taʼkidlashicha, “Bayraktar” ishlab chiqaradigan zavod qurilishi “demilitarizatsiya mavzusiga to‘g‘ri keladi” va “faqat ukrainaliklarning azobini uzaytiradi”. Shu bilan birga, Peskov bunday korxonaning mavjudligi Moskvaning urush maqsadlariga erishishiga to‘sqinlik qilmasligini aytgandi.
Izoh (0)